Mahalla binosi foydalanishga topshirildi
22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni Sirdaryoda ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. Hududlarda o‘ziga xos bayram tadbirlari tashkil etilib, mahalla tizimi xodimlariga hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
Sirdaryo tumanidagi "Paxtakor" mahalla fuqarolar yig‘ini binosi Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan foydalanishga topshirildi. Bino qurilishi viloyat hokimligi tashabbusi va Ichki ishlar boshqarmasi ko‘magida amalga oshirildi. Yangi binoda mahalla yettiligi faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi va zamonaviy jihozlar hamda kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi.



– Shu kungacha mahallamizning o‘z binosi yo‘qligi tufayli bitta xonada ishlayotgan edik. Bu ish unumdorligimizga anchayin ta’sir qilardi, – deydi Sirdaryo tumanidagi "Paxtakor" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahrom Sultonnazarov. – Bugun ishga tushgan zamonaviy, barcha qulaylikka ega bo‘lgan mahalla binosi nafaqat "Paxtakor" mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlariga, balki mahalla ahli uchun ham bayram sovg‘asi bo‘ldi.



5 ming 224 nafar aholi istiqomat qiladigan Paxtakor mahallasining 17 ta ko‘chasi “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida obodonlashtirilib, daraxt ko‘chatlari ekilib, fayzli manzilgohga aylantirildi. Qolgan 3 ta ko‘chada bu boradagi ishlar amalga oshirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri