“Mahalla bankiri” ish boshladi (+video)
Namanganda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining sa’y-harakatlari bilan, 2024 yil 16 dekabrda davlatimiz rahbarining huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda banklar tomonidan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida, fuqarolarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularga moliyaviy xizmatlarni yaqinlashtirish va tadbirkorlikka jalb etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Mahalla bankiri” loyihasi faoliyatini boshladi.
Odamlarning ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlarini joyida hal qilish, har bir kishi bilan yaqindan ishlash va mahallaning rivojlanish salohiyatini kuchaytirishda muhim qadam bo‘ladigan “Mahalla bankiri” loyihasining boshlanishi yurtimizda ijtimoiy adolat, iqtisodiy barqarorlik va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining yana bir amaldagi yorqin namunasidir.



Jumladan, Uychi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga mazkur xayrli tashabbus doirasida Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining xodimlari “Mahalla bankiri” sifatida tayinlandi. Ular o‘ziga biriktirilgan mahallalardagi aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning moliyaviy ehtiyojlarini o‘rganishga va muammolarga tezkor yechim topishga kirishdilar.
Qayd etish lozimki, Milliy bank davlat rahbari tashabbusining birinchi ishtirokchisi sifatida uychiliklarga moliyaviy ko‘mak va xizmatlar taqdim qilishda yangicha yondashuvlarni namoyon etishni rejalashtirgan. Zero, “Mahalla bankiri” – xalqqa yaqin, muammolarga yechim bo‘lishi muqarrar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Cm7xfbWGazA" title="“Mahalla bankiri” ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev, O‘zA