Magistraturaga qabul: 5 780 nafar talabgor hujjat topshirdi
2026-2027 o‘quv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga qabul jarayoni faol davom etmoqda.
Qabulning dastlabki ikki kunidayoq yurtimiz bo‘ylab minglab abituriyentlar o‘z hujjatlarini elektron tarzda topshirishga ulgurdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2-iyul kuni soat 18:05 holatiga qadar 5 780 nafar talabgor my.edu.uz platformasi orqali magistratura bosqichiga onlayn ariza yuborgan.
Tahlillarga ko‘ra, hujjat topshirganlarning 4 119 nafari (71,3 foiz) ayollar bo‘lsa, 1 661 nafari (28,7 foiz) erkaklarni tashkil etgan. Bu esa magistratura bosqichida tahsil olishga qiziqish, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng ko‘p ariza Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 752 nafar talabgor magistraturaga hujjat topshirgan.
Eng faol hududlar quyidagicha shakllangan:
Toshkent shahri – 752 ta
Farg‘ona viloyati – 585 ta
Samarqand viloyati – 583 ta
Qashqadaryo viloyati – 478 ta
Andijon viloyati – 429 ta
Namangan viloyati – 426 ta
Buxoro viloyati – 416 ta
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2026-2027 o‘quv yili uchun magistraturaga hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali to‘liq elektron shaklda qabul qilinmoqda. Nomzodlar belgilangan muddat ichida tizimdan ro‘yxatdan o‘tib, zarur hujjatlarni onlayn tarzda yuborishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA