Madiyorbek Milliy gvardiyaning eng yaxshi kitobxoni
Andijon shahridagi Z.M.Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Milliy gvardiya xizmatchilari o‘rtasida "Eng yaxshi kitobxon" tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” tadbirlari doirasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash, yoshlar ongiga singdirish, milliy gvardiya xodimlarining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda kitobxon xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘takazilgan tanlov ishtirokchilari belgilangan uch shart asosida o‘zlarining bilim, iqtidor va salohiyatini namoyish etdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball jamg‘argan leytenant Madiyorbek Madiyorov birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
–Kitob o‘qish eng yoqtirgan mashg‘ulotim, – deydi tanlov g‘olibi M. Madiyorov. – Bo‘sh vaqtimda albatta kitob o‘qishga harakat qilaman. Tanlovda ishtirok etganimdan, g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Ushbu muvaffaqiyat menga kuch va shijoat beradi. Yanada samarali ishlashga, safdoshlarim o‘rtasida kitobxonlikni yanada keng targ‘ib etishga harakat qilaman.
[gallery-18821]
Tanlovda ikkinchi o‘rin leytenant Shahzod Xushvaqtov, uchinchi o‘rin esa leytenant Mirxon Abdullayevga nasib etdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda kitoblar jamlanmalari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari