Madinaning qandolat sexi
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda kasb-hunar o‘rganib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi tashabbuskorlarga barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Surxondaryo viloyati Termiz tumanining Amir Temur mahallasida yashovchi Madina Xushboqova ham imtiyozlardan oqilona foydalanayotgan yoshlardan. U uy sharoitida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik sex tashkil etgan.
[gallery-21066]
– Qandolatchilik – biznes uchun xayrli va sermahsul yo‘nalishlardan biri sanaladi, - deydi Madinaning onasi Zumrad Boboyeva. – Sababi, xalqimiz non va non mahsulotlari, turli shirinliklarni sevib tanovul qiladi. Qizim dastlab, bu soha sirlarini o‘rganish uchun ustozlarga shogird tushdi. Shundan so‘ng unga subsidiya asosida mini pech berilgach, uyda mustaqil turli shirinliklar pishira boshladi. Xaridorlar soni ortgach esa hokim yordamchisi ko‘magida imtiyozli kredit olib, faoliyatini kengaytirdi.
Yosh qandolatchi mahallaning bir nechta xotin-qizini ishga olgan. Mahsulotlar mazali va sifatli tayyorlanayotgani bois xaridorlar soni kundan kunga ortyapti. Qahramonimiz kelajakda shirinliklar turini ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish niyatida.
Mahallada aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirish borasidagi ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Mamlakatimizda faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ishlar o‘z samarasini berayotgani esa, quvonarli, albatta.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA