Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga parlament so‘rovi yuborildi
Yurtimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, bolalar musiqa va san’at ta’limi tizimini takomillashtirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, respublika bo‘ylab 326 ta bolalar musiqa va san’at maktablari barpo etildi. Qator o‘quv binolari rekonstruksiya qilinib, musiqa cholg‘ulari va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda ta’lim muassasalaridan kelib tushgan ma’lumotlar tahlili sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator tizimli masalalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Termiz, Farg‘ona, Urganch, Samarqand, Navoiy shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari, Andijon shahridagi Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi, Toshkent shahridagi R.Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabi hamda boshqa qator muassasalar binolari kapital ta’mirga muhtojligi aniqlandi.
Prezidentimizning 2020-yil 4-fevraldagi qarorida 2021/2022 o‘quv yilidan Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzurida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlarini tashkil etish vazifasi belgilanganiga qaramay, mazkur vazifa to‘liq bajarilmagan.
Shuningdek, Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi uchun Buxoro shahar “Bunyodkor” MFY hududidan bir gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, 43 mlrd. so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan bo‘lsa-da, mablag‘ ajratilmagani sababli qurilish ishlari boshlanmagan.
Ba’zi musiqa va san’at ta’limi muassasalarida o‘quvchilar soni binolarning loyiha quvvatidan yuqori. Ayrimlarida esa mashg‘ulot xonalarining akustik holati talab darajasida emas. Maxsus sinf xonalari va konsert zallari yetishmasligi muammosi mavjud. Qolaversa, kadrlar bilan ta’minlash sohasida ham muammolar saqlanib qolmoqda. Ya’ni, ayrim muassasalarda konsertmeysterlar va tor ixtisosliklar bo‘yicha pedagoglar yetishmaydi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yuqoridagilardan kelib chiqib, san’at ta’limi muassasalarini zarur jihozlar va o‘quv-uslubiy vositalar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, san’at ta’limi muassasalarida ta’lim sifatini va kadrlar salohiyatini oshirish, pedagoglarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda maktab-internatlarni tarbiyachilar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida madaniyat vaziri O.Nazarbekovga parlament so‘rovi yuborildi.
M.Komilova,
O‘zA