“Madaniyat va ma’rifat oyligi” boshlandi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan may oyi “Madaniyat va ma’rifat oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik davomida mahalla yettiligi tomonidan keksalar, nuroniylar, yoshlar va mahalla aholisi ishtirokida muzey, muqaddas qadamjolarga sayohat, kino, teatr va konsert tomoshalari hamda boshqa ma’naviy tadbirlar tashkil etiladi.
Navoiy davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari” xotirasi muzeyining bu galgi mehmonlari Navoiy shahri aholisi bo‘ldi. Dastlab mazkur muzeyning tashkil etilishi va zarurati, uning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Muzey o‘zbek millatining o‘tmishi, boy tarixi, xalqimizning jasoratidan so‘zlaydi. Mehnatkash, tanti ajdodlarimiz turmush tarzi, milliy urf odat va an’analari-yu, boshdan kechirgan achchiq va alamli qismati ana shu muzeyda isbotini topadi. Muzey eksponatlarini ko‘zdan kechirganlar yoshlarga bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish zarurligi haqida o‘z tavsiyalarini berdi.

– Mahallamiz aholisi bilan oylikda faol qatnashmoqdamiz, – deydi Navoiy shahridagi Yangi obod mahallasi raisi Shoira To‘xtamishova. – To‘g‘risi, ish bilan band bo‘lib, muzeylarga kelishga qunt qilmasdik. Bugun aholi, mahallamiz yettiligi bilan madaniy hordiq oldik. Bu bizga yanada kuch beradi.

Oylik doirasida keksalarimiz Navoiyda joylashgan muzeylar va muqaddas qadamjolarga, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlariga sayohat qiladi. Mahallalarda “Uch avlod uchrashuvi”, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etadi. Konsert tomoshalari tashkil etiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri