Madaniyat markazlari faoliyati takomillashadi
Andijonda tuman, shahar madaniyat markazlariga 7 turdagi musiqa cholg‘u asboblari va sohaga oid maxsus o‘quv qo‘llanmalar topshirildi.
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Azizbek Maxsumov, viloyatdagi madaniyat markazlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida musiqa cholg‘u asboblari va maxsus o‘quv qo‘llanmalar topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat va san’at yo‘nalishini rivojlantirish, madaniyat muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda soha xodimlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishga qaratilgan farmon va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan musiqa cholg‘u asboblari va maxsus o‘quv qo‘llanmalar, shubhasiz, madaniyat markazlari faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘taradi.

Ayni kunda viloyatda 71 ta madaniyat markazi faoliyat yuritadi, markazlar qoshida tashkil etilgan to‘garaklarga 4,5 ming nafarga yaqin iqtidorli yoshlar jalb etilgan. Tuman, shahar madaniyat markazlariga karnay, nay, tanbur, g‘ijjak, tabla, dovul, doiradan iborat yetti turdagi 223 dona musiqa cholg‘u asbobi hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi.
– Soha rivojiga ko‘rsatilgan e’tibor va berilgan yordamdan behad mamnunmiz, – deydi Paxtaobod tumani Madaniyat markazi rahbari Adolatxon Rahmonova. – Bu albatta, faoliyatimiz samaradorligini oshirishga yordam beradi. Taqdim etilgan musiqa cholg‘u asboblari va maxsus o‘quv qo‘llanmalar markazlar qoshidagi san’at va musiqa to‘garaklarida tahsil olayotgan yoshlarning o‘z iqtidorini to‘laqonli yuzaga chiqarishi, puxta bilim olishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA