Madaniy-tarixiy yodgorliklar – o‘lmas merosimiz
Marhamat tumanida “Buyuk tariximizni o‘zida mujassam etgan yodgorliklar – muqaddas merosimiz” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni munosabati bilan “Mingtepa–madaniy meros” jamoat fondi, Marhamat tumani hokimligi, Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi hamkorligida qadim yodgorliklar va tarixiy joylarni, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etish, turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan mazkur tadbirda tarixchilar, yozuvchi va shoirlar, madaniy meros obyektlarini asrash va turizm yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi korxona, muassasalar vakillari, o‘lkashunoslar, yosh olimlar, ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab anjuman ishtirokchilari va mehmonlari tuman markazidagi “Xotira xiyoboni”da tashkil etilgan “Mingtepa” muzeyi faoliyati, muzeydagi yurtimizning ming yillik tarixidan so‘zlovchi, qadim Davon davlati davriga oid noyob eksponatlar bilan tanishdi.
Anjumanning ochilishida so‘z olgan Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari Hafizaxon Mamarizayeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqinjon Karimov, “Mingtepa– madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov tomonidan yurtimizning tarixiy yodgorliklari va ziyoratgohlarini asrash, obodonlashtirish, ular haqida aholi, ayniqsa, yoshlarga keng tushuncha va bilimlar berish, ichki turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu anjuman mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelayotganligi ta’kidlandi.
– Anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad nafaqat tumanimiz, viloyatimizdagi, balki respublikasmizdagi tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ana shu joylarni obodonlashtirishga keng jamoatchilik, xalqimizning e’tiborini qaratish hamda turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishdir, – deydi “Mingtepa –madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Qolaversa, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholi, xususan, yoshlarning tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar haqidagi bilim va tushunchalarini yuksaltirish orqali ularda qadim tariximizga, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahamlashdan iboratdir.
Anjumanda Andijon davlat universiteti professori Ulug‘bek Abdullayev, “Mingtepa –madaniy meros” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Shahlo Husanova, Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilshodbek Yusupovning ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilarga “Mingtepa–madaniy meros” jamoat fondi tomonidan tumandagi tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolarni targ‘ib etish, ana shu maskanlarda turistik yo‘nalishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Anjuman doirasida “Buyuk tariximizni o‘zida mujassam etgan yodgorliklar – muqaddas merosimiz” mavzusida tanlov o‘tkazildi, tarixiy buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tanlov va ko‘rgazmada talaba, olim va ijodkorlarning “Hududlardagi yodgorliklar, tarixiy joylar, ziyoratgoh va shifobaxsh buloqlar haqida maqola yoki ijodiy ish”, “Dovon davlati, Mingtepa (Ershi) haqidagi maqola yoki badiiy asar”, “Qadimiy Mingtepa xarobasini o‘rganish va targ‘ib etish borasida olimlarning ilmiy izlanishlari to‘g‘risidagi maqola”, “Mingtepa zaminida yashab, ijod qilgan ulug‘ ijodkorlar hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi maqola” mavzularida ijodiy ishlar, shuningdek, havaskor kolleksionerlar (numizmatika, tarixiy osori-atiqalar, kulolchilik va uy-ro‘zg‘or buyumlari, taqinchoqlar, ish qurollari, yozma va madaniy yodgorliklar aks etgan foto va musavvirlik)ning asarlari, viloyatdagi yodgorlik va tarixiy joylarga sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar, videoroliklar namoyish etildi.
Tanlovda andijonlik olim va ijodkorlar, shuningdek, Farg‘ona davlat universitetining o‘qituvchi va talabalari o‘zlarining ijodiy ishlar, badiiy va tasviriy san’at asarlari, ilmiy maqolalari bilan faol qatnashdi.
[gallery-17004]
– Tanlovda “Qadimgi Mingtepani o‘rganishda arxeologik izlanishlarning tutgan o‘rni” deb nomlangan maqolam bilan ishtirok etdim, – deydi Andijon davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Avazbek Mirzayev. – Maqolam yuqori baholanib, “Qadimiy Mingtepa xarobasini o‘rganish va targ‘ib etish borasida olimlarning ilmiy izlanishlari to‘g‘risidagi eng yaxshi maqola” yo‘nalishida 1- o‘rinni qo‘lga kiritdim.
Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib, sovrindor va faol ishtirokchilar tanlov tashkilotchilarining diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari