Madaniy meros va ijod platformasining vazifasi nimadan iborat?
O‘zbekistonda Madaniy meros va ijod platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, elektron platformadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish, ijodkorlik va barqaror turizmni rivojlantirishdan iborat. U madaniy meros ob’ektlari, yodgorliklarni muhofaza qilishni kuchaytirish va ekologik turizmni rivojlantirishga yordam berishi mumkin.
Platforma madaniy dasturlar, loyihalar, va tashabbuslarni doimiy asosda aniqlash va xaritalash, hamkorlikni ta’minlash orqali amalga oshirilayotgan faoliyat loyihalarning qiymatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur platforma madaniyat bilan bog‘liq barcha ishlarni joriy siyosat va strategiyalar, aniqlangan ehtiyojlar va boshqalar asosida muvofiqlashtirilgan tarzda yo‘naltiradi.
Xaritalashtirilgan ish natijalari asosida madaniy meros sohasida xalqaro hamkorlik, aloqa va yordamni kuchaytirish, mahalliy va xalqaro institutlar hamda barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, fikr va tajriba almashish uchun maydonni ta’minlaydi.
M.Toshqorayeva, O‘zA