“Madaniy an’analar va milliy taomlar” XXII xayriya festivali
O‘zbekistonda madaniyatlararo muloqot va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashga hissa sifatida Diplomatik missiyalarning “Madaniy an’analar va milliy taomlar” XXII xayriya festivali bo‘lib o‘tdi.
Toshkent, 2026 yil 23 may — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik servis xizmati tashabbusi bilan Toshkentdagi «CENTRAL PARK» istirohat bog‘ida an'anaaviy XXII «Madaniy an'analar va milliy taomlar» xayriya festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan yigirmadan ortiq elchixonalar, vakolatxonalar va tashkilotlar ishtirok etdi, mamlakatning madaniy muloqotni rivojlantirish va madaniy xilma-xillikni YuNESKO qadriyatlariga muvofiq targ‘ib etishga sodiqligini tasdiqladi.

2004 yilda asos solinganidan beri festival madaniy merosni asrash va targ‘ib etishda o‘ziga xos platformaga aylandi. U diplomatik missiyalarga o‘z milliy taomi, an'anaviy kiyimlari, sahnaviy san'atlari, hunarmandchilik va badiiy amaliy san'atlari bilan keng jamoatchilik bilan bo‘lishish imkonini berdi.
Festival o‘ziga xos insoniylik mohiyatiga ega: milliy taomlar va mahsulotlarni sotishdan tushgan barcha mablag‘lar «Mehribonlik» uylariga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga yo‘naltiriladi. Shu tariqa, madaniy almashinuv ijtimoiy hamjihatlik va mas'uliyat bilan uyg‘unlashadi.

Nufuzli hakamlar hay'ati qatnashchilarni milliy taomlarni tayyorlash, xizmat ko‘rsatish madaniyati, pavil’onlarni bezatish, milliy an'anaviy liboslar va badiiy ekspozitsiyalar kabi bir qator madaniy mezonlar asosida baholadi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, turli nominatsiyalarda festivalda ishtirok etgan elchixonalar va hamkor tashkilotlar Tashqi ishlar vaziligining diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandilar hamda turli mamlakat vakillarining yuqori mahorat va ijodiy yondashuvlari alohida e'tirof etildi.
2019 yildan beri festivalning strategik hamkori sifatida «Umrboqiy meros» O‘zbekiston madaniyati va san'ati targ‘ibot markazi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yilda hakamlar hay'ati таркибига Markaz direktori Lutfiya Mirzayeva, markaz ilmiy maslahatchisi, YUNЕSKOning nomoddiy madaniy meros bo‘yicha xalqaro eksperti Alisher Ikramov, turizmni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘limi boshlig‘i, YUNЕSKOning nomoddiy madaniy meros bo‘yicha milliy eksperti Gularo Abdullayevalar ham kiritildilar.

Markaz o‘zbek amaliy va tasviriy san'atiga bag‘ishlangan katta ko‘rgazmani tashkil qildi hamda zargarlik, ipak to‘qimachiligi, naqqoshlik, abru bahor san’ati, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, milliy taqinchoqlar va boshqa an'anaviy hunarlarga oid 10 ta jonli mahorat darslarini o‘tkazdi.
Toshkent shahri va O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan hunarmandlar hunarmandchilikning zardo‘zlik, kashtachilik, milliy taqinchoqlar, Marg‘ilon atlas va adras matolari, shoyi, adras va atlasdan tayyorlangan milliy liboslar, sovg‘abop mahsulotlaar, zargarlik buyumlari, popopchilik, abru bahor san’ati, naqqoshlik, kulolchilik mahsulotlari, qo‘lda to‘qilgan gilamlar va boshqa qator yo‘nalishlardagi hunarmandchilik mahsulotlari festivaldan o‘rin egallab, mamlakatning boy an'analarini namoyon etdi.
Bu amaliy san'at turlari tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosining qimmatli unsurlari hisoblanadi va uning avloddan-avlodga o‘tishiga xizmat qiladi.

Madaniy diplomatiya, madaniy muloqot va nomoddiy madaniy merosni ommalashtirish uchun sharoit yaratayotgan festival, shu tariqa, YuNESKOning 2003 yilgi «Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konventsiya»sini amalga oshirishga hissa qo‘shadi hamda O‘zbekistonning xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol rolini ko‘rsatadi.
Diplomatik missiyalar xayriya festivali O‘zbekistonda madaniy hamjihatlik ramziga aylanib, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlamoqda, o‘zaro hamkorlikka ko‘maklashmoqda va madaniyat orqali tinchlik hamda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shmoqda.
Bu yilgi festivalda "Tinchlik bolalar nigohida" mavzusida rasmlar tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlovda elchixonalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 30 dan ortiq bolalari o‘zlarining ijodlari bilan qatnashdilar. Yosh rassomlar ijodiy ishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib ular Tashqi ishlaar vazirligi tomonidan Diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandilar.
Lutfiya Mirzayeva,
«Umrboqiy meros» O‘zbekiston madaniyati
va san'ati targ‘ibot markazi direktori