LUQMA: Bu qanaqa bozor?
–Ermakka bozor chiqadigan, aylanadigan zamon emas, – deydi nafaqadagi oʻqituvchi Xadicha Ergasheva.
Erta tongdan Chilonzor tumanidagi “Oʻrikzor” va “Otchopar” bozorlariga Toshkent halqa yoʻli boʻylab boruvchi manzil tomon yoʻlingiz tushsa, ikki bozor oraligʻidagi qariyb bir kilometrdan uzoqroq yoʻl toʻsilib, yoyma savdo avjiga chiqqanini koʻrasiz. Toshkentning sokin koʻchalaridan toʻsatdan borib qolgan kishining aqli shoshadi. Tumonat odam. “Ol-ol” va tartibsizlik avjida.
Pandemiya tufayli tashkil etilgan koʻchma bozorga oralaganimda xayolimda dostonlarimizdagi bozor manzaralari gavdalandi. Qadimiy bozorlardagi kabi olmoqchi boʻlgan narsalaringizni izlab ketaverasiz. Men ham beixtiyor baxshi bobomiz Ergash Jumanbulbul ijro etgan aytimlarini ichimda hirgoyi qilib yoʻlimda davom etdim: “Changib yotgan un bozori, Qoʻqib yotgan jun bozori, Anov mursak toʻn bozori, Pichoq bozor, qin bozori, Qalpoq bozori qaysidi?”
–Ermakka bozor chiqadigan, aylanadigan zamon emas, – deydi nafaqadagi oʻqituvchi Xadicha Ergasheva. – Bozorga kelganlarning barchasi zarurligidan shu yerda yuribdi. Men ham nabiralarim, kelinim va oʻzimga libos olishga keldim. Narxlar arzon. Ammo bu yerda na rasta bor, na bir tartib. Yerga sochilgan, mashinaga ilingan kiyimlarni olishga majbur boʻlyapmiz. Boshqa yoʻl yoʻq. “Butik”larda tozagina turgan kiyimlarni olayin desak, narx-navosi juda qimmat. Hozir karantin boʻlgani uchun ortiqcha pul yoʻq. Hamma biz kabi arzoniga chopadi.
–Tirikchiligimiz savdodan boʻlgani uchun turmush oʻrtogʻim bilan el qatori shu yoyma bozordamiz, – dedi Siroj Ahrorov. – Har kuni kechqurun mashinada tovarlarimiz bilan kelib, joy egallaymiz. Azonlab tovarlarni sota boshlaymiz. Savdo yomon emas. Ehtiyoj koʻp. Yozgi va bahorgi kiyimlarimizni qishning oʻzidayoq sotib olib qoʻyganmiz. Yana bir yil omborda saqlolmaymizku. Urfdan qolishi va hatto sifati ham buzilishi mumkin. Viloyatlardan ham koʻplab buyurtmalar kelyapti. Haftada ikki kun hududlarga ham tovar chiqaryapmiz. Nima qilaylik, hayot davom etadi. Shundogʻam, bahorgi tovarlarimizning barchasi omborda turibdi. Hammaga salomatlik kerak, ammo tirikchilik, degan gaplar ham bor. Koʻchada sotganimiz uchun tag-joy puli, “patent” degan narsalar toʻlamaymiz, savdo koʻngildagidek boʻlib turibdi. Ammo bu sarsongarchilikdan koʻra bozorlarimizni ochib, tibbiy nazorat kuchaytirilsa, maʼqul edi.
Toʻgʻri, bugun savdogar sotaman, xaridor olaman, deydi. Ammo ochiq osmon va muhofazasiz hududdan kasallik tarqamasligi va insonlar uchun hafv tugʻdirmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Yaqinda bir tanishim telefoni buzilib qolgani va yaxshiroq telefon olishi kerakligini aytib qoldi. Ikkilana-ikkilana “Malika” savdo markaziga bordik. Ne koʻz bilan koʻraylik, bozor yopiq boʻlgani bilan tashqarida telefon sotuvchilarni ham, olib-sotarlarni ham uchratasiz...
Odamlar va savdogarlarni sarson qilib, ularning salomatligini xavfga qoʻygandan koʻra, bozorlarni ochib, kirish yoʻllari kuchli nazorat qilinsa, yaxshi boʻlarmidi? Shundogʻam koʻchalarda savdo boʻlayotgan ekan, unda majmualarning yopilishidan nima foyda? Koʻchada kim ketib, kim kelganini bilib boʻlmaydi. Ammo kirish va chiqish joylari aniq boʻlgan bozorlarda har holda xaridorlarning qay holatda kelib, qay holatda ketayotganini nazorat qilish imkoniyati koʻproqdir. Mutasaddilar bu haqda nima derkin?