Lula Trampning yangi bojiga javob qaytardi
Amerika Qo‘shma Shtatlari 22-iyuldan boshlab Braziliyadan kirib boradigan aksar mahsulotlarga 25 foiz boj soladi. Bu Donald Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan yangi tarif siyosati doirasida qabul qilingan ilk chora bo‘lib, kelgusida o‘nlab davlatlarni qamrab olishi mumkin. Prezident Luis Inasiu Lula da Silva esa qarorni “hech qanday asosga ega emas”, deya baholadi.
AQSH Savdo vakili boshqarmasi ma’lum qilishicha, mazkur qo‘shimcha soliq adolatsiz savdo amaliyotini tekshirishga oid qonun asosida joriy etilmoqda. Vashington raqamli savdo, o‘rmonni noqonuniy kesish va boshqa masalalar bo‘yicha Braziliya bilan muzokara kutilgan natijani bermaganiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga bunday siyosat Xitoy, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Meksikaga nisbatan ham qo‘llanishi mumkinligi bildirildi.
Braziliya rahbari holat yuzasidan Jahon savdo tashkilotiga shikoyat yo‘llanishi, mamlakatning “O‘zaro javob chorasi to‘g‘risidagi qonuni” ishga tushishini ma’lum qildi. Davlat kotibi Marko Rubio esa Lulani Vashington bilan halol muzokara olib bormaslikda ayblab, “tarif Braziliya rahbarining siyosati uchun to‘lanadigan bahodir”, deya keskin bayonot bilan chiqdi.
Yangi boj shakar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, to‘qimachilik va elektr jihozlari, qog‘oz va po‘lat mahsulotlariga tatbiq etiladi. Qahva, mol go‘shti, samolyot va uchoq ehtiyot qismlari, energiya ashyolari, nodir yer metallari, cho‘yan hamda organik asal kabi qator tovarlar cheklovdan ozod.
Darvoqe, Braziliyaga nisbatan yana bir tekshiruv yakunlanish arafasida. Ya’ni, ehtimoliy qo‘shimcha 12,5 foiz soliq ayrim mahsulotlar uchun umumiy tarif yukini 37,5 foizga ko‘tarishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA