Loyihaning qiymati odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanadi
Gulshanobodda amalga oshirilgan davlat granti mahalla aholisining hayotiga qanday o‘zgarish olib keldi?
Kundalik hayotda biz oddiydek qabul qiladigan narsalar bor: uydan chiqib, ishga borish, farzandni maktabga olib borish, shifokor qabuliga yetib olish yoki kechqurun mahalla ko‘chalaridan xavfsiz qaytish. Ammo ana shu oddiy harakatlar uchun munosib sharoit bo‘lmasa, har bir qadam inson uchun muammoga aylanishi mumkin.
Ayniqsa, tibbiy muassasaga olib boruvchi yo‘lning noqulayligi, tungi paytda yoritishning yetarli emasligi aholi uchun jiddiy qiyinchilik tug‘dirardi.
Buxoro tumanidagi “Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘inining Tuksaboy qishlog‘ida amalga oshirilgan loyiha ana shunday muammoni bartaraf etishga qaratildi.
Eng muhimi, bu yerda gap shunchaki yo‘lak qurilishi yoki chiroq o‘rnatilishi haqida emas. Gap inson uchun qulay muhit, xavfsiz harakat va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash haqida bormoqda.
Buxoro viloyati “Nurli kelajak ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoyalash markazi” nodavlat notijorat tashkiloti bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyiha Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining davlat granti asosida moliyalashtirildi. Loyiha qiymati — 200 million so‘m. Shartnoma 2026-yil 20-iyul kuni tuzilgan bo‘lib, loyihani amalga oshirish muddati uch oy etib belgilangan.

— Loyihaning asosiy maqsadi — mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, hududni obodonlashtirish va odamlar uchun munosib yashash sharoitini yaratishdan iborat bo‘ldi, — dedi viloyat “Nurli kelajak ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoyalash markazi” nodavlat notijorat tashkiloti bo‘limi rahbari Sarvinoz Akramova. — Loyiha doirasida Tuksaboy qishlog‘ida poliklinikaga olib boruvchi yo‘l bo‘ylab zamonaviy talablarga javob beradigan piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Avvalo, hudud batafsil o‘rganilib, yo‘lak o‘tkaziladigan qism bo‘yicha zarur o‘lchovlar amalga oshirildi. Keyin yer ishlari bajarilib, piyodalar harakati uchun mustahkam asos tayyorlandi. Shundan so‘ng beton qoplamali yo‘lak yotqizilib, bordyurlar o‘rnatildi. Natijada avval noqulay bo‘lgan yo‘l o‘rnida odamlar bemalol va xavfsiz harakatlanishi uchun mo‘ljallangan zamonaviy piyodalar yo‘lagi paydo bo‘ldi.
Bir qarashda bu oddiy qurilishdek tuyulishi mumkin. Ammo yo‘lakning har bir metri ortida keksalarning poliklinikaga qiynalmay borishi, onalarning farzandlari bilan xavfsiz harakatlanishi, bemorlarning shifokor qabuliga yetib olishi, mahalla aholisining kundalik hayoti yengillashishi kabi inson taqdiri bilan bog‘liq jihatlar mujassam.
Loyihaning yana bir muhim qismi — tungi yoritish tizimini barpo etish bo‘ldi.
Yo‘l bo‘ylab yoritish ustunlari o‘rnatilib, ular energiyani tejaydigan LED chiroqlar bilan jihozlandi. Elektr ta’minoti tarmog‘i tortilib, barcha yoritish qurilmalari yagona tizimga ulandi. Endi kechqurun bu yo‘ldan o‘tayotgan inson qorong‘ulikda yo‘l qidirib yurmaydi. Yorug‘lik — bu shunchaki chiroq emas. U xavfsizlik, xotirjamlik va ishonch ramzidir. Ayniqsa, tibbiy muassasaga olib boruvchi yo‘lning yoritilishi aholi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, kasallik vaqt tanlamaydi. Shifokorga ehtiyoj ham kechayu kunduz yuzaga kelishi mumkin. Shu bois mazkur loyihaning ahamiyatini faqat qurilish hajmi yoki sarflangan mablag‘ bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Har qanday ijtimoiy loyihaning haqiqiy samarasi qurilish ob’ektining tashqi ko‘rinishi bilan emas, odamlar hayotida qanday o‘zgarish qilgani bilan baholanadi. Tuksaboy qishlog‘ida barpo etilgan piyodalar yo‘lagi va tungi yoritish tizimi ham ana shu nuqtai nazardan katta ahamiyatga ega.
Bugun bu yerda odamlar poliklinika tomon harakatlanayotganda yo‘l chetida yurishga majbur emas. Kechqurun esa qorong‘ulik xavfi kamaydi. Keksalar uchun qulaylik, bemorlar uchun osonlik, onalar va bolalar uchun xavfsizlik paydo bo‘ldi. Eng muhimi, mahalla infratuzilmasining yana bir muammosi hal etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri