Loyihaning muhim jihati — o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish
Guliston shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabida Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlaridan saralab olingan 700 nafar 8-sinf o‘quvchisi «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasiga qabul uchun tashkil etilgan saralash imtihonida ishtirok etdi.
Sinovlar Sirdaryo viloyati hokimligi, Raqamli texnologiyalar vazirligining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda o‘quvchilarning tanqidiy va mantiqiy fikrlashi, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimi, ingliz tilini o‘zlashtirish darajasi va muammoli masalalarni yechish ko‘nikmalari baholandi. Topshiriqlar orqali ularning ma’lumotni tahlil qilish, mantiqiy xulosa chiqarish va muammolarga yechim topish qobiliyatlariga ham e’tibor qaratildi.

«Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasi iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga yo‘naltirishga qaratilgan. Yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar loyiha doirasida IT yo‘nalishlari va xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, shuningdek, raqamli sohada zarur bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatlariga ega bo‘lishadi.

Loyihaning yana bir muhim jihati — o‘quvchilarni maktab davridanoq zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va ularning salohiyatini rivojlantirish uchun ta’limiy muhit yaratishdir. Shu maqsadda saralash jarayonida nafaqat mavjud bilim, balki tahlil qilish, mustaqil fikrlash va amaliy yechim topish qobiliyati ham inobatga olinmoqda.

Gulistondagi bugungi sinovlar ham ana shu maqsadga qaratildi. Eng yuqori natija qayd etgan o‘quvchilar «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasi ishtirokchisi sifatida ta’limni davom ettiradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri