Lizingga qishloq xo‘jaligi texnikalari
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash jarayonlarida lizing xizmatlarining o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash jarayonlarida lizing xizmatlarining o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yurtimizda so‘ngggi o‘n yildan ortiq vaqt davomida yalpi ichki mahsulotning o‘sish hajmi sakkiz foizdan ortiq bo‘layotgani, bunda fermer xo‘jaliklarining alohida o‘rni mavjudligi hamda ularning yuqori samarali zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlangani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda lizing xizmatining rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos va keng imtiyozlar yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-noyabrdagi «Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, fermer xo‘jaliklari uchun “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” kompaniyasi xizmatidan foydalanishda qator imtiyozli lizing shartlari belgilangan. Texnikani lizingga olishda fermer xo‘jaliklari, mashina-traktor parklari hamda hududiy “Qishloqxo‘jalikkimyo” aksiyadorlik jamiyatlari uchun qator imtiyozlar yaratilgan. Lizing muddatining 7-yildan 10-yilgacha ekani, texnika qiymatining 15 foizi oldindan to‘lanishi va lizing daromadi yillik foizining bank moliyalashtirish stavkasi ellik foizidan oshmasligi shular jumlasidandir.
Bu kompaniyaning mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash jarayonlaridagi ishtirokini yanada kuchaytirish imkonini berdi. Kompaniya o‘z faoliyati mobaynida qishloq xo‘jalik korxonalariga 1 trillion 733 milliard 300 million so‘mdan ortiq qiymatdagi 60 turdagi qishloq xo‘jalik texnikalarini lizing asosida yetkazib berdi. Joriy yilning o‘n bir oyi davomida muassasa tomonidan 3 ming 110 dona texnika uchun 199,5 milliard so‘mlik lizing xizmati ko‘rsatildi. Bunda asosiy e’tibor haydov traktorlari, makkajo‘xori va xashak o‘rish kombaynlari hamda paxta terish mashinalarini yetkazib berishga qaratildi. Barcha lizing xizmatlarining konsalting xizmatlari bilan uyg‘unlikda olib borilishini ta’minlashga erishilmoqda.
Anjumanda kompaniyaning lizing portfelini shakllantirishda tijorat banklaridan jalb qilinayotgan resurslar salmoqli o‘rin egallayotganligi, bu borada "Asakabank", "Agrobank", Xalq banki bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilganligi alohida qayd etildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.