"Liverpul" va "Bavariya" 18 yoshli futbolchi uchun kurashmoqda
Tomonlar ehtimoliy transfer bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan.
“Liverpul” Belgiyaning “Genk” klubida to‘p tepayotgan 18 yoshli darvozabon Lyukke Bryugman transferiga qiziqish bildirmoqda.
Goal.comning xabar berishicha, tomonlar ehtimoliy transfer bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan. “Liverpul” yosh darvozabonning salohiyatini yuqori baholamoqda va uni Georgiy Mamardashvilining ehtimoliy o‘rinbosari sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Bryugmanga “Liverpul”dan tashqari “Bavariya” ham qiziqish bildirmoqda.
Bo‘yi ikki metr bo‘lgan belgiyalik darvozabon mamlakatning eng istiqbolli yosh posbonlaridan biri hisoblanadi. U Belgiya yoshlar terma jamoalarining barcha bosqichlarida o‘ynagan, shuningdek, “Antverpen” va PSV tizimida faoliyat yuritgan. 2022-yilda “Genk”ka erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan. Hozirgacha asosiy jamoa safida 15 ta uchrashuv o‘tkazgan.
Joriy mavsum Bryugman uchun omadsizroq boshlandi: u Belgiya chempionatining dastlabki 4 uchrashuvida 8 ta gol o‘tkazib yubordi.