Litvada O‘zbekiston ma’rifiy markazi ochildi
Litvaning Visaginas shahridagi Ijtimoiy xizmatlar markazi huzurida O‘zbekiston ma’rifiy markazi ochildi.
O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyati hokimligi, «Vatandoshlar» jamg‘armasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi delegatsiyasining Visaginasga tashrifi doirasida ushbu markazning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekistonning Litvadagi elchisi Qadamboy Sultonov, Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Muhiddin Bozorov va Visaginas shahri meri Erlandas Galaguz ishtirok etdi.
O‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarini ommalashtirish hamda ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu loyiha O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Litvadagi O‘zbek madaniyati markazi bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirildi. Markazda o‘zbek tili, mamlakatimiz tarixi va an’analari hamda o‘zbek adabiyoti vakillari, olim va mutafakkirlarining ijodiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha kurslar, shuningdek, o‘zbek milliy bayramlariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tadbir chog‘ida O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, chet elda ishlayotgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi.
Mamlakatni rivojlantirish jarayonlariga vatandoshlar salohiyatini keng jalb etish, madaniy-gumanitar, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar mehmonlarning e’tiboriga havola qilindi. Markazga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan yuborilgan kitoblar taqdim etildi.
Tadbir doirasida ushbu markazning qo‘shimcha o‘quv materiallariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha kelishib olindi.
O‘zA