Litseylar bitiruvchilari imtihon topshirmoqda
Respublika akademik litseylari bitiruvchi bosqich o‘quvchilarining chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari boshlandi.
Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Test sinovlarining yozma (tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar, yozma ish) qismi 25-26-27 mart kunlari ikki smenada tashkil etiladi hamda Davlat test markazi va akademik litsey binolarida o‘tkaziladi.
Gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa aprel oyida bo‘ladi.
Respublika akademik litseylari bitiruvchi bosqich o‘quvchilarining chet tilini baholash darajasini aniqlash imtihonlari davlatimiz rahbarining 2020 yil 3 dekabrdagi «Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroriga asosan tashkil etilmoqda.