Lionel Messi Argentina terma jamoasi bilan xayrlashdi
Argentina terma jamoasi va jahon futboli afsonalaridan biri Lionel Messi milliy jamoadagi faoliyatini yakunlashga qaror qildi.
Jahon futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgan Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi 20 yildan ortiq davom etgan faoliyatini yakunlayotganini e’lon qildi. Messi o‘z qarorini ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilib, terma jamoadagi faoliyati yakuniga yetgani haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.
«Jahon chempionati ortda qoldi. Shu kunlargacha ko‘p o‘yladim va endi hammaga terma jamoadan ketishimni aytishga tayyorman. Bu qaror menga oson kechmadi, lekin tushunib turibmanki, vaqti keldi», — deya ta’kidladi Messi.
U terma jamoa safidagi faoliyati davomida bor kuchini sarflaganini qayd etdi.
«Men terma jamoa uchun borimni berdim, endi beradigan hech narsam qolmadi. Shu bilan birga, juda kuchli yosh avlod voyaga yetib kelyapti, ular terma jamoada o‘ynashga haqli».

Messi, shuningdek, uni qo‘llab-quvvatlab kelgan oilasi, murabbiylari, jamoadoshlari va rahbariyat vakillariga minnatdorchilik bildirdi.
«Doim yonimda bo‘lgan, bu go‘zal, biroq og‘ir sayohatda meni qo‘llab-quvvatlagan oilamga katta rahmat aytaman. Shuningdek, men bilan birga ishlagan har bir murabbiy, jamoadoshlarim va rahbariyat vakillariga minnatdorchilik bildiraman».
Argentinalik yulduz terma jamoa bilan erishgan yutuqlari va muxlislar bilan birga kechirgan unutilmas lahzalarini ham alohida tilga oldi.
«Terma jamoadan ketar ekanman, xotirjamman va faxr tuyyapman — chunki jamoadoshlarim bilan birga sizlarga faqat orzu qilish mumkin bo‘lgan lahzalarni in’om etdik. Bularning barchasini sizlar bilan birga boshdan kechirish — haqiqiy mo‘’jiza edi. Sizlarni sevaman! Olg‘a, Argentina!»

Messi Argentina terma jamoasi safida 207 o‘yin o‘tkazib, 125 gol urdi va 68 golli uzatma amalga oshirdi. U milliy jamoa tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi.
Uning xalqaro karerasidagi eng yirik yutuqlar qatorida 2022-yil Jahon chempionatidagi g‘alaba, 2021 va 2024-yillardagi Amerika kubogi chempionligi hamda 2022-yilgi Finalissimada qo‘lga kiritilgan sovrin alohida o‘rin tutadi.
2026-yilgi Jahon chempionatida Messi 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma amalga oshirdi. Argentina terma jamoasi finalgacha yetib borgan mazkur musobaqada u eng yaxshi to‘purarlardan biriga aylandi.
FIFA prezidenti Janni Infantino ham Lionel Messining terma jamoadagi faoliyati yakunlangani munosabati bilan unga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shu tariqa, Lionel Messi Argentina terma jamoasi safidagi faoliyatini katta yutuqlar va unutilmas xotiralar bilan yakunlamoqda. Uning milliy jamoa bilan qo‘lga kiritgan sovrinlari va rekordlari Argentina futboli tarixida alohida o‘rin egallaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA