Limonzorda limon parvarishi haqida seminar
Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi Limonzor mahallasida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti olimlari joriy yilda maktabni tugatayotgan va vaqtincha ishsiz yoshlar uchun limonni parvarishlashga bag‘ishlangan seminar uyushtirdi.
Mahalladagi 549 xonadonda 3 ming 290 nafardan ortiq aholi yashaydi. Ular 294 gektar tomorqa yer maydonida dehqonchilik qiladi. Tomorqalarning qariyb 13 gektarida 300 ga yaqin issiqxona barpo etilgan. Issiqxonalarda limon yetishtirish yaxshi rivojlanayotgan hududda ayni paytda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari doirasida mahalla idorasi, tibbiyot maskani tubdan ta’mirlanmoqda. Zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilayotir. Ichki yo‘llarga tosh yotqizilib, eskirgan elektr simyog‘ochlari temir-beton ustunlarga almashtirilmoqda. Ichimlik va oqova suv masalalari hal etilib, yangi elektr uzatish tarmoqlari tortilyapti. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar uy-joylarini ta’mirlash, hududni obodonlashtirish ishlari ham uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Qiyofasi tubdan o‘zgarayotgan va limonchilikka ixtisoslashayotgan mahallada institut olimlari tashkil etgan seminar sohani yanada rivojlantirib, uni hududning “o‘sish nuqtasi”ga aylantirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda dastlab mahalladagi 37-maktabda seminarning nazariy qismi o‘tkazildi. Unda institut katta o‘qituvchilari Kamol Shaymanov, Abdumalik Toshpo‘latov va boshqalar issiqxona barpo etish, limon ko‘chatlarini o‘tqazish, parvarishlash va hosilni yig‘ishtirib olgungacha bo‘lgan jarayonlar haqida atroflicha tushuncha berdi. Amaliy seminarda mahalladagi limonzorlar bilan tanishgan yoshlar nihollarni to‘g‘ri parvarishlash va mo‘l hosil yetishtirish xususida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

–Seminar nafaqat mahallamiz yoshlari, balki biz uchun ham foydali bo‘lganidan xursandmiz,– deydi Ziyodulla bobo Jalilov.– Tomorqamizning bir qismida issiqxona tashkil etib, limon yetishtirishni yo‘lga qo‘yganmiz. Lekin uni parvarishlashda xatolarga yo‘l qo‘ygan ekanmiz. Olimlar ana shu kamchiliklarni ko‘rsatib berdi. Limonlarimiz g‘ovlab ketishining, ayrim mevalar yorilishining sabablarini tushuntirdi. Yanada ko‘proq hosil olish usullarini o‘rgatdi. Endilikda biz o‘simlikni shu asosda parvarishlashga o‘tsak, hosilni xorijga ham jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Shu maqsadda institut olimlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning maslahat va tavsiyalari asosida sohani yanada rivojlantiramiz.
Seminar yakunida yoshlarga institutning maxsus sertifikatlari topshirildi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri