“Lazgi” III xalqaro raqs festivali ishtirokchilariga
Hurmatli festival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar, san’at muxlislari!
Siz, azizlarni Jayhun sohilida, Sharq gavhari bo‘lmish ko‘hna Xiva shahrida o‘tkazilayotgan musiqa va san’at bayrami – “Lazgi” III xalqaro raqs festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Fursatdan foydalanib, YUNESKO, TURKSOY kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, taniqli san’at arboblari, olim va mutaxassislarga, barcha ishtirokchilarga o‘zimning chuqur hurmatimni izhor etaman.
Ushbu anjumanga mezbonlik qilayotgan qadimiy va betakror Xorazm ahlini alohida qutlab, ezgu tilaklarimni bildiraman.
Mana shunday shukuhli bahor kunlarida, boqiy va bezavol “Lazgi” sadolari ostida o‘tayotgan bu go‘zal bayram barchamizga muborak bo‘lsin!
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Uch ming yildan ziyod shonli tarix va madaniyatga ega bo‘lgan xalqimiz qalbini, uning nafis tuyg‘ularini hayratlanarli darajada nozik harakatlar orqali ifoda etadigan noyob san’at durdonasi – “Lazgi” nomi bilan ataladigan xalqaro raqs festivali turli elu elatlar o‘rtasida samarali madaniy muloqot maydoniga aylanib borayotgani barchamizni albatta xursand qiladi.
“Lazgi” ezgulik va go‘zallik, tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini asrlar davomida tarannum etib kelayotgan, Xivaning muazzam minoralari kabi yuksaklik va ulug‘vorlik timsoli bo‘lgan mumtoz musiqiy obidadir.
Aynan ana shunday benazir xususiyatlariga ko‘ra, mazkur nodir asar 2019-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan munosib joy egalladi va xalqaro miqyosda tobora yuksak qadr-qimmat kasb etib bormoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Milliy baleti guruhi tomonidan “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti jahondagi nufuzli sahnalarda muvaffaqiyatli namoyish etib kelinayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Hozirgi vaqtda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at rivojiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Xususan, milliy raqs san’atini yuksaltirish, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xoreografiya sohasida zamonaviy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgani, mashhur “Bahor” ansambli faoliyati qayta tiklangani, “Lazgi” ansambli va boshqa ijodiy jamoalar qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlash lozim.
“Lazgi” xalqaro raqs festivali mamlakatimizning madaniy diplomatiyasida muhim o‘rin tutadigan strategik platformadir. Ushbu anjuman xalqaro madaniy brend sifatida shakllanib, uning geografiyasi va ishtirokchilarining soni yil sayin ortib borayotgani, bugungi festivalda dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan yuzlab san’atkorlar, raqs jamoalari, olim va ekspertlar ishtirok etayotgani diqqatga sazovordir.
Biz yoshlar o‘rtasida mumtoz san’atimizga qiziqishni yanada oshirish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda “Lazgi” raqsidan mahorat va tajriba maktabi sifatida foydalanishni davom ettiramiz.
Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan xalqaro festivalning nufuzi kelgusida yanada yuksalib, u jahon madaniy hayotida munosib o‘rin egallaydi deb ishonaman.
Sizlarni bugungi san’at va madaniyat bayrami bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, san’at olamida yangi yutuq va zafarlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti