Latviya universiteti bilan hamkorlik
Latviyaning Tabiiy fanlar va texnologiyalari universiteti prorektori Aigars Laizans rahbarligidagi delegatsiya Andijon davlat universitetida bo‘ldi.
Ayni paytda Andijon davlat universitetida o‘ndan ortiq xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Bundan buyon universitetda Latviyaning Tabiiy fanlar va texnologiyalari universiteti bilan qo‘shma dasturlar doirasida mutaxassislar tayyorlanadi.

Latviyalik mehmonlar universitetda o‘zbekona urf-odatlar bilan kutib olindi. Shundan so‘ng, universitetning kichik majlislar zalida ikki oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida hamkorlik bo‘yicha muzokara uchrashuvi o‘tkazildi.
Latviya Tabiiy fanlar va texnologiyalari universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Aigars Laizans ishtirokchilarga Latviya universiteti, xususan, mamlakat oliy ta’lim tizimi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ikki universitet o‘rtasida akademik va ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, 2+2 ko‘rinishida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, hamkorlik aloqalarining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar bildirdi.

Uchrashuvda Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.
Muzokaralar yakunida oziq-ovqat texnologiyalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma dasturni amalga oshirishga kelishib olindi, ikki universitet o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Latviyalik mehmonlar universitet, universitetdagi o‘qitish jarayonlari, fizika-matematika fanlari doktori, professor Rayimjon Aliyev boshchiligidagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari» ilmiy laboratoriyasi faoliyati, kimyo va biologiya ilmiy va o‘quv laboratoriya xonalarini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, mehmonlar universitetda tashkil etilgan «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyida bo‘lib, mash’um qatag‘on yillaridagi O‘zbekiston tarixiga oid ma’lumotlar, fotosuratlar bilan tanishdi.
Kelgusida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi doirasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishida oziq-ovqat texnologiyalari sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
F.Ubaydullayev, Z. Umrzoqov, (surat), O‘zA .