Latviya delegatsiyasi O‘zbekistonda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 9-oktabr kuni Latviya Respublikasi Seymining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Oyars Eriks Kalninsh rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 9-oktabr kuni Latviya Respublikasi Seymining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Oyars Eriks Kalninsh rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlik parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013-yil oktabr oyida Latviyaga davlat tashrifi hamda Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning shu yil may oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi izchil taraqqiy etayotgan o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi munosabatlar ko‘plab yo‘nalishlar qatori qonun ijodkorligi sohasida ham izchil ravnaq topmoqda. 2010-yilda Latviya Seymida ta’sis etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh, 2012-yilda O‘zbekiston parlamentida tashkil qilingan Latviya Seymi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentarizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Muzokarada mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar haqida ma’lumot berildi.
– Latviya O‘zbekistonni mintaqadagi muhim mamlakat, ishonchli hamkor, deb biladi, – dedi O.Kalninsh. – Latviya bilan O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Mazkur uchrashuv Latviya bilan O‘zbekiston o‘rtasida parlamentarizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
Latviya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.