Lapas Alibekov dunyo tan olgan olim
Xotira
Samarqand davlat universiteti Geografiya va tabiiy resurslar kafedrasi ilgari fakultetda mavjud bo‘lgan Umumiy tabiiy geografiya kafedrasi negizida tashkil etilgan.
Bu kafedraga uzoq yillar professor L.Alibekov rahbarlik qiladi. Professor umrining 35 yilini fakultetdagi ushbu tayanch kafedra mudiri sifatida o‘tkazadi. Keyingi yillarda kafedra xodimlarining ilmiy-tadqiqot ishlari asosan, landshaft va landshaft-ekologiyasi sohalari bo‘yicha olib borayotganligi e’tiborga olinib, 1994 yil bu kafedra nomi “Geoekologiya va umumiy tabiiy geografiya” deb o‘zgartirildi. Hozirda ushbu kafedra Geografiya va tabiiy resurslar kafedrasi deb nomlanadi. L.Alibekov uzoq yillar o‘zining samarali mehnat faoliyatini shu kafedrada olib bordi hamda ilmiy, o‘quv-uslubiy va boshqa tashkiliy ishlarda bosh-qosh bo‘ldi.
1961 yilda SamDU Geografiya fakultetini bitirdi. L.Alibekov 1963-1966 yillarda Lvov Davlat universitetida professor K.I.Gerenchuk rahbarligida aspiranturada o‘qiydi va “Landshaftы i tipы zemel Zarafshanskix gor i prilegayuix ravnin” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi. Uzoq yillar olib borgan mashaqqatli mehnatlari yakuni sifatida u 1990 yilda “Tog‘ va tekislik landshaftlarining o‘zaro aloqadorligi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini Rossiya Federatsiyasida, Moskva Davlat universitetida bajaradi va himoya qiladi.
L.Alibekov 300 dan ortiq ilmiy maqola, 10 dan ortiq monografiya va darslik, o‘quv qo‘llanmalar chop etgan. Tog‘ va tekislik o‘rtasida moda va energiya almashuviga oid qator maqolalari nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan.
Professor dunyo tan olgan yetuk olim edi, u bir necha yillar davomida NATO ning atrof-muhit muhofazasi komissiyasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasida ekspert kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. L.Alibekov olib borgan ilmiy ishlarining asosiy yo‘nalishlari tog‘-tekislik geosistemalari o‘rtasida modda almashinuvi, geoekologiya, cho‘llanish va uning oqibatlarini bartaraf etish, atrof-muhit muhofazasi sohalari bo‘yicha ko‘plab maqolalari chet davlatlarning ilmiy jurnallarida chop etilgan. Umrining oxirigacha professor Geografiya va tabiiy resurslar kafedrasida professor lavozimida yoshlarga saboq berdi. Hozirgi kunda olimning “Inson va tabiat” nomli yirik o‘quv qo‘llanmasi nashrdan chiqish arafasida.
Lapas Alibekov ilmiy yutuqlarini dunyo tan olganligini yana bir muhim asosi, olimning ilmiy ishlarga iqtiboslarning yuqoriligida ko‘rinadi. Uning ilmiy ishlariga xalqaro ilmiy bazalarda 150 dan ortiq iqtibos berilgan.
“Hech qachon mukammal ishni qilmagandan ko‘ra, mukammal bo‘lmagan ishni qilishi kerak”, derdi olim. Bu gapni ko‘p hollarda hatto, dissertatsiya himoyalarida ham takrorlardi. Ustoz olimning ilmiy-tadqiqot ishlari, fan uchun qilgan xizmatlari inobatga olinib, "O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi" unvoni berilgan edi. Bu olimning mehnatiga berilgan yuksak e’tirofdir.
2020 yil fanimiz, O‘zbekiston Geografiya jamiyati og‘ir judoliklarga uchradi. Professorlar – A.Abdullayev, A.Qayumov, A.Raxmatullayev, L.Alibekovni bevaqt ajal oramizdan olib ketdi. Ustoz olimlarning ilmiy ishlarini biz va kelgusi avlodlar hech qachon yoddan chiqarmaydi.
Q.Yarashev,
SamDU dotsenti.
D.Xursanov,
g.f.f.d. (PhD).
O‘zA (B.Meliqulova)