Langar Xatirchining “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi (+video)
Yurtimizda tabiati go‘zal, xushmanzara joylar ko‘p. Tog‘lar haybatiga qorishiq betakror tabiati, o‘zgacha tarovati, bir marta kelgan kishida bir umrlik o‘chmas taassurot qoldiradigan joylardan biri Langar qo‘rg‘onidir.
Langar qo‘rg‘oni Navoiy viloyati Xatirchi tumani markazidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, purviqor tog‘lar orasida joylashgan. Bu yerning havosi salqin, soylaridagi osmoo‘par teraklar, qulochga sig‘maydigan tollar kishi hayratini yanada oshiradi. Jarliklar yonida qurilgan uylar qo‘rg‘onga yanada go‘zallik bag‘ishlaydi. Xullas, ko‘rgan kishining havasi keladi.
Langar XX asr o‘rtalarida geolog olim Habib Abdullayevning “Langar” volfram-molibden konini tadqiq qilishi natijasida aholi punktiga aylangan. Keksalarning ta’kidlashicha, kon va zavodlar ishlagan yillarda Langar obod go‘sha bo‘lgan. 2-3, hattoki 5 qavatli uylar qurilgan.
– Asli otam Nurota tumanining Ko‘kbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan bo‘lib, ish yuzasidan Langarga ko‘chib kelishgan, – deydi Mamatqul bobo Qodirov. – Shu yerda SES vrachi bo‘lib 35 yil ishladim. Hozir nafaqadaman. 5 farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Hammasi uyli-joyli. Turli sohalarda faoliyat olib bormoqda. 16 ta nevara, 1 ta chevaram bor. Bir vaqtlar bu hudud juda mashhur edi. Ishlamoqchi bo‘lgan kishi borki, Langardagi kon va zavodga ishga kelardi. Infratuzilma yaxshi edi. Turli millat vakillari bir oila vakillari singari inoq yashagan. Keyinchalik sanoat korxonasining faoliyati to‘xtatilishi bois, ko‘pchilik yoshlar boshqa hududlarga ishlagani ketishdi.
O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab e’tibordan chetda qola boshlagan Langar qo‘rg‘oni 2019 yilda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida yana obod go‘shalardan biriga aylandi. Dastur doirasida 3 ming nafardan ziyodroq aholi istiqomat qiladigan hududda ijtimoiy soha ob’ektlari qayta ta’mirlandi, ko‘chalar tartibga keltirildi. Yangi yo‘llar, zamonaviy ob’ektlar qurildi.
[gallery-15426]
– Uzoq yillar davomida hudud aholisi ichimlik suvini Langar sharsharasidan tashib ichishardi, – deydi mahalla raisi Anora Madatova. – Dastur doirasida mazkur suv manbasidan aholi xonadonlariga qadar quvur orqali suv keltirildi. Suv 4 bosqichda hovuzlarga yig‘ilgan holda 450 metr balandlikka olib chiqiladi va shundan keyingina aholiga tarqatiladi. Shuningdek, dastur doirasida mahallamizda maktabgacha ta’lim muassasasi yangidan qurilgan bo‘lsa, 58-maktabda mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi, 37-maktabga qo‘shimcha 180 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurildi. Qishloq vrachlik punkti qayta rekonstruksiya qilindi. Xullas, mahallamizda aholi farovonligi uchun barcha ishlar amalga oshirilmoqda.
Hudud aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ayollar esa tikuvchilik va hunarmandchilik yumushlari bilan band. Xosiyat Mirzayeva garchi nafaqaga chiqqunicha bog‘chada, tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limining mahalladagi xodimi bo‘lib ishlagan bo‘lsada, momomeros hunar - kashtachilik va quroqchilikni o‘ziga kasb qilgan.
– O‘zim asli tumanning Maydonsoy qishlog‘idanman. Bu yerga kelin bo‘lib tushganman, – deydi onaxon. – Onamdan o‘rgangan hunarni qizlarimga, kichik kelinimga o‘rgatganman. Bir qizim Navoiy shahrida tikuvchi bo‘lib ishlaydi. Quroqqa kerakli materiallarni, tikilgan kiyimlardan qolgan mato qoldiqlarini berib yuboradi. Hozir kelinim quroqlardan yostiq jildlari, ko‘rpacha, chimildiq tikadi. Bu hunarning qulayligi shundaki, uy ishlarini bajargan holda bo‘sh vaqtda bemalol tikish ishlarini bajarish mumkin. Kichik o‘g‘lim bilan turaman. Bu yerdagi nevaramga ham o‘rgatganman. Uning ham qo‘llari kelishib qolgan. Bemalol o‘zi mustaqil ravishda tika oladi.
645 ta oila istiqomat qilayotgan qo‘rg‘onda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalladagi hokim yordamchisi Mirzohid Qodirov oilalarning yashash sharoitini o‘rganib, ishsiz aholining bandligini ta’minlashga harakat qilmoqda.
– Chorvachilik va turizm mahallamizni rivojlantirish drayveri sifatida belgilangan, – deydi Mirzohid Qodirov. – O‘tgan davr mobaynida 32 nafar fuqaromizga tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kreditlar rasmiylashtirildi. Chorvachilikni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Qo‘rg‘onimizda tikuvchilik sexi mavjud. Bu yerga ham 50 nafar xotin-qiz ishga joylashtirilgan. Shuningdek, qo‘rg‘onimizning go‘zal tabiati bois bahor va yoz oylarida dam olishga keluvchilarning ko‘pligini hisobga olgan holda turizmni, xususan, ichki turizmni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. O‘tgan yilda dam olishga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida 14 ta dam olish maskani faoliyati yo‘lga qo‘yilib, oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi. “Ayollar daftari”da turuvchi xotin-qizlarimizga tikuv mashinkalari olib berilib, bandligi ta’minlanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vRFOeer9zbE" title="Langar Xatirchining “tashrif qogʻozi”ga aylanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Qumrinisa Ro‘ziyeva yosh oilalardan biri. Tikuvchilikka qiziqadi. Ayollar ko‘ylagi, turli hajmdagi sumkalar tikadi. Kredit olgan holda uyida tikuvchilik faoliyatini boshlagan.
– Ikki yil oldin bankdan kredit olib, tikish mashinkasi va chok tikuvchi uskuna sotib olgan edim, - deydi Qumrinisa. – Buyurtmalar ko‘p. Uy ishlaridan ortib, qo‘rg‘onimiz ayollari buyurtmasiga asosan turli ko‘ylaklar tikaman. Bir kunda bitta ko‘ylak tikib tugataman. Kelgusida tikuvchilik yo‘nalishida shogirdlar tayyorlab, sex ochish niyatim bor.
Boshqa joylarda bo‘lgani singari Langar qo‘rg‘onida ham hayot qaynaydi. Har kim o‘z yumushi bilan band.
Biz bir kun mobaynida hokim yordamchisi Mirzohid Qodirov hamrohligida ayrim yurtdoshlarimiz faoliyati bilan tanishdik. Bu yerda o‘z mehnati bilan yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
Mabodo sayohatga qiziqsangiz, albatta, Langarga bir bora tashrif buyuring. Shunda bu yerda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat,video), O‘zA muxbirlari