Lal Bahodur Shastri xotirasiga hurmat bajo keltirildi
Davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi 30-avgust kuni taniqli hind davlat arbobi Lal Bahodur Shastri yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.
Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.
Ma’lumki, yurtimizning ko‘p asrlik boy tarixi va diplomatik aloqalari negizida Hindiston bilan munosabatlar alohida ahamiyatga ega.

Bugungi yangi davrda siyosiy muloqot, madaniy-gumanitar almashinuv hamda ko‘p qirrali iqtisodiy aloqalar bilan yanada boyimoqda.


Mustahkam do‘stlik va tarixiy xotiraning yorqin timsollaridan biri esa Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Lal Bahodur Shastri ko‘chasi va uning memorial majmuasidir.
Ushbu yodgorlikning yaratilishi 1966-yilning yanvar oyida Toshkentda kechgan tarixiy va fojiali voqealar bilan uzviy bog‘liq.


O‘shanda poytaxtimiz tinchlik muzokaralari maydoniga aylanib, 10-yanvar kuni Hindiston Bosh vaziri Lal Bahodur Shastri va Pokiston Islom Respublikasining Prezidenti Muhammad Ayyub Xon tomonidan tarixiy “Toshkent deklaratsiyasi” imzolanadi.

Sulhdan bir necha soat o‘tib, Hindiston Bosh vaziri Toshkentdagi qarorgohida to‘satdan yurak xuruji tufayli vafot etadi.
Hind xalqining ulug‘ farzandi xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent markazida Shastrining bronza byusti o‘rnatildi va yon-atrofdagi maydonga uning nomi berildi.

Bugungi kunda ushbu memorial majmua va Lal Bahodur Shastri ko‘chasi O‘zbekistonga tashrif buyuradigan Hindistonning yuqori martabali delegatsiyalari, diplomatlar va mehmonlar hurmat bajo keltiradigan, ikki xalq o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va tinchliksevarlik ramziga aylangan bebaho ziyoratgohdir.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Lal Bahodur Shastri xotirasi hamda uning O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun hurmat bajo keltirdi.
Abdulaziz RUSTAMOV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA