KXDR “do‘stlar”iga yana maqtandi
KXDR Yaponiya va Janubiy Koreya tomonidan ballistik raketa deya gumon qilinayotgan qurilmani Yapon dengizi tomon uchirdi. Tokio ma’lumotiga ko‘ra, raketa taxminan 60 kilometr balandlikka ko‘tarilib, 440 kilometr masofani bosib o‘tgan.
Kun chiqar mamlakat mudofaa vaziri Sinziro Koizumi bildirishicha, uchoq mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida mamlakatning sharqiy sohili yaqinidan shimoli-sharqqa yo‘naltirilgan. Raketa Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasi tashqarisiga tushgan. Janubiy Koreya harbiylari ham shimol tomonidan “noma’lum snaryad” uchirilganini ma’lum qildi.
Voqea Pxenyan BMT Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligining mamlakat yadroviy dasturiga qarshi rezolyutsiyasini rad etgandan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. KXDR Tashqi ishlar vazirligi rezolyutsiya mamlakatning “yadroviy davlat” sifatidagi maqomiga ta’sir etmasligini bildirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp avgust oyida Kim Chen In bilan munosabati ayni payt yaxshi ekanini yana bir bor ta’kidlab, yil oxiriga qadar Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashish niyati borligini aytgan. Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya ishtirokidagi harbiy mashg‘ulotni tanqid qildi. U mazkur amaliyotni Vashington boshchiligidagi “urushga tayyorgarlik” deb atab, Pxenyanning yadroviy tiyib turish salohiyatini kuchaytirish yo‘li o‘zgarmasligini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA