Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan jamoatchilik so‘rovlari yuborildi
Sovuq kunlarda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda boshqa yoqilg‘i resurslari bilan uzluksiz ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu borada energetika tarmoqlari, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondining mavsumga shayligini oldindan baholash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston iste’molchilar federatsiyasi tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va energetika ob’ektlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorgarligini o‘rganish yuzasidan tegishli tashkilotlarga jamoatchilik so‘rovlari yuborildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, tuman va shahar hokimliklaridan mavsumga tayyorgarlik holati bo‘yicha ma’lumotlar so‘raldi.
So‘rovlarda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalari, elektr va gaz tarmoqlari hamda energetika ob’ektlarini ta’mirlash ishlari, ko‘mir va mazut zaxiralarini shakllantirish, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini yoqilg‘i bilan ta’minlash masalalari qamrab olingan.
Shuningdek, chekka hududlarda energiya ta’minotining holati, hisoblagichlar va avtomatlashtirilgan tizimlarning ishlashi, avariya-dispetcherlik xizmatlarining mavsumga tayyorligi bo‘yicha ham tegishli ma’lumotlar so‘ralgan.
Jamoatchilik so‘rovlari orqali mas’ul tashkilotlardan belgilangan rejalar va amaldagi ko‘rsatkichlar, bajarilgan ishlar hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot taqdim etish so‘raldi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar tahlil qilinib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning haqiqiy holati, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan jamoatchilikka axborot berilishi nazarda tutilgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA