Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik avjida
Prezidentimizning 2017 yil 24 apreldagi “2017-2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tasarrufidagi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’ektlarini mavsumga hozirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Zangiota tumanidagi 164 ta ko‘p qavatli uylar, shuningdek, hududdagi barcha asosiy muhandislik tarmoqlari, texnologik uskunalarini mavsumga tayyorlash, ehtiyojiga qarab joriy va mukammal ta’mirlash yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoq. Hududdagi mavjud ko‘p qavatli uylarning 105 tasi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga a’zo hisoblanib, bugungi kunda mazkur uy-joylarga 8 ta shirkat va 3 ta MCHJ tomonidan aholiga kommunal xizmat ko‘rsatilmoqda.
Hozirga qadar 98 ta ko‘p qavatli uy mukammal, 50 tasi joriy ta’mirlangan. Ta’kidlash joizki, 2021 yil uchun ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga asosan 13 ta ko‘p qavatli uylarda mukammal ta’mirlash ishlarini olib borish maqsadida tijorat banklari tomonidan 737 million so‘m miqdorda imtiyozli kredit mablag‘i yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Xususan, 7 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi, 13 ta uyning 20 ta kirish yo‘lagi joriy va mukammal ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 13 ta uyning 175 metr kvadrat o‘lchamdagi framuga romlari plastik romlarga almashtirilib, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2 ta uyning 6 ta kirish eshigiga zamonaviy kodli qulflar o‘rnatildi.
Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan shirkatlarda ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Omad katta chinor” uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 4-, 5-, 6-, 10-uylarning 26 ta kirish yo‘laklari mukammal ta’mirdan chiqarildi. Mazkur uylarning ayrimlarida fasad qismi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Bundan tashqari, 2,3 milliard so‘m miqdoridagi byudjet hamda homiylik mablag‘lari hisobidan “Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 5 ta ko‘p qavatli uyning tom, kirish yo‘laklari, trotuar, ichimlik suvi tarmoqlari hamda uylarning fasad qismi soz holga keltirildi.
Bundan tashqari, “Bog‘zor”, “Ibrat” va “Fayz” MFYlarda bu kabi chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Ko‘p qavatli uy-joy fondini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari doirasida, hududda faoliyat olib borayotgan “Zangiota uy-joy kalitli qurilish” MCHJ qoshida ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida boshqaruv servis kompaniyasi (BSK) tashkil etildi. Unga zaruriy moddiy-texnik baza hamda malakali ishchi-mutaxassislar jalb etilgan. BSKning ko‘p qavatli uylarni boshqarishda zarur tajribaga ega ekanligi inobatga olinib, xizmat ko‘rsatish doirasini kengaytirish, tumanda mavjud ko‘p qavatli uylar qamrovini yanada oshirish maqsadida mahallalarda aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Hozir Eshonguzar hududidagi “Zangiota yulduz nuri” uy-joy mulkdorlari shirkati o‘rnida shunday zamonaviy boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etilayotir. Mazkur BSK ko‘p tarmoqli bo‘lib, o‘zida avariya dispetcherlik xizmati, santexnika ishlari, farroshlik, qurilish xizmatlarini ko‘rsatish va liftlarni ta’mirlash kabi turli yo‘nalishlardagi ishlarni bajarishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, mazkur BSK aholiga qulaylik yaratish maqsadida xonadonlarga yangi xarid qilingan maishiy texnika jihozlari hamda muhandislik tizimlarini o‘rnatib berish xizmatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Xalqimizda “Qish g‘amini yozda ye” deb bejizga aytilmagan. Ma’lumki, bu yil yoz mavsumining tafti har yilgidan yuqoriroq ekani kuzatilyapti. Demak, qish faslining ham sovuq kelishi ehtimoli yo‘q emas. Muhimi, qishga puxta hozirlik ko‘rish maqsadida har bir kundan unumli foydalanish zarur. Mavsumning betalofat, ko‘ngildagidek o‘tishi bugungi sa’y-harakatlarga bog‘liq.
A.Musayev, O‘zA