Kutubxona fondi yanada boyidi
Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida Muzrabot tumanida “Markaziy kutubxonaga kitob sovg‘a qilaman” va “Birga kitob o‘qiylik” mavzularida ommaviy kitobxonlik aksiyasi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilayotgan e’tibor dunyoda globallashuv jarayonlari kechayotgan bir paytda mustaqil fikr va sog‘lom tafakkurga ega avlodni tarbiyalab kamolga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda. Yoshlarning kitob bilan do‘st tutinib, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Aksiyada tuman hokimi vazifasini bajaruvchi A.Ismailov, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev va boshqalar ana shu haqida atroflicha so‘z yuritdi. Kitobxonlikni keng targ‘ib etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi. Muzrabotliklarning bu boradagi ezgu tashabbuslari e’tirof etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarkibiga kiruvchi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat, 13 ta tuman axborot-kutubxona markazi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda 700 mingdan ortiq axborot resurslari mavjud.
Viloyatda kitob mutolaasi va kitobxonlik darajasini oshirish, axborot-resurs markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kitoblar fondini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tadbir ham ana shunday xayrli maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ayni paytda Muzrabot tumani axborot-kutubxona markazi 12 mingdan ortiq nashr fondiga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 40 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.

– Keyingi yillarda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi, – deydi tuman axborot-kutubxona markazi rahbari B.Xursanov. – Zero, kitobxonlik inson ma’naviyatining ko‘zgusidir. Tumanimiz aholisining barcha qatlamini keng qamrab olgan holda sifatli axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish 19 nafar xodimdan iborat jamoamizning asosiy vazifasidir. Kitob fondining boyitib borilishi kutubxonadan foydalanuvchilarga qator qulayliklar yaratish barobarida ularning safini kengaytiradi. Bugun bizga sovg‘a qilinayotgan kitoblar sifatli va kerakli adabiyotlar, kitobxonlar tomonidan eng ko‘p so‘raladigan nashrlar ekanidan quvonchimiz cheksiz.

Aksiya doirasida tuman hokimligi, tumanda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar, kitobsevar fuqarolar kutubxonaga ikki mingdan ortiq eng sara kitoblarni sovg‘a qildi. Tadbir doirasida yangi chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Kitob savdosi orqali badiiy, ilmiy adabiyotlarni arzon narxlarda xarid qilish imkoniyati yaratildi. Kitobxon o‘quvchilarning rang-barang badiiy chiqishlari aksiya ishtirokchilariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA