Kursantlar tantanali qasamyod qildi
Yurtimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi nishonlanayotgan shukuhli kunda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ona Vatanimiz va xalqimizga sodiq bo‘lishga qasamyod qildi.
Tantanali ruhda o‘tgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, shuningdek Oliy Majlis Senati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari, turdosh oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, faxriylar hamda kursantlarning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ochib, mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan qizg‘in qutladi. Shundan so‘ng professional ichki ishlar organi xodimi bo‘lish maqsadida o‘quv dargohiga qadam qo‘ygan kursantlar buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi sifatida ona Vatanimiz va xalqimizning chin ma’nodagi himoyachisi bo‘lishga qasamyod qildi.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov so‘z olar ekan, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor jihatlariga to‘xtaldi.

– So‘nggi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etildi. Akademiyada o‘qitishning interfaol metodlari, jumladan, o‘quv tezkor-tergov guruhlari faoliyati, hududiy ichki ishlar organlari bilan birgalikda onlayn master-klass va bazaviy amaliyot mashg‘ulotlari, sayyor sud majlislarini o‘tkazish, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish kabi ilg‘or mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi bir maqsadga, ya’ni tizimni zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor, islohotlar talabiga mos xalqparvar kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan, – dedi P. Bobojonov.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov kursantlarni qutlab, Yangi O‘zbekistonning ertangi istiqboli yosh avlod qo‘lida ekanini, yoshlar zimmalaridagi burch hamda mas’uliyatni munosib oqlab, Vatanimiz ravnaqi va farovonligi uchun astoydil bilim olishlari zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda o‘qishdagi yutuqlari bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan bir guruh iqtidorli kursantlar ichki ishlar vaziri hamda “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiyalarga sazovor bo‘ldi. Kursantlar va ota-onalar so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajak maqsadi va istiqboli yo‘lida yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlarni e’tirof etishdi. Ona Vatanimizni madh etuvchi qo‘shiqlar tadbirga bayramona fayz bag‘ishladi.
IIV Akademiyasi
Axborot xizmati
O‘zA