Kurash: Janubiy Koreyada “O‘zbekiston elchisi kubogi” musobaqasi o‘tkazildi
Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi Duksung ayollar universiteti sport majmuasida milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘tkazilgan “O‘zbekiston elchisi kubogi” mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlandi.
Turnirda 200 nafardan ortiq sportchi ishtirok etib, kurashning Koreyada tobora ommalashib borayotganini namoyon qildi. Musobaqa sportchilar, murabbiylar, rasmiylar, diplomatik korpus vakillari hamda kurash jamoatchiligini bir maydonga jamladi.

Musobaqalarni O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Rossiya, Pokiston, Mo‘g‘uliston va Belarus davlatlarining elchilari hamda diplomatik korpus vakillari bevosita kuzatib borishdi.
Musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov mazkur turnirning ahamiyati haqida to‘xtalib, har ikki mamlakat o‘rtasida madaniy aloqalar yildan yilga rivoj topayotganini e’tirof etdi.
O‘zbek sporti – kurashning xalqaro maydonda rivoj topayotgani, turli musobaqalar o‘tkazilayotgani xalqlar o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Turnir doirasida Duksung ayollar universiteti va O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
E’tiborli jihati, “O‘zbekiston elchisi kubogi” kurash sportining Koreyadagi rivojlanish sur’atlarini ko‘rsatish bilan birga, sport diplomatiyasi, madaniy almashinuv va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA