Kurash: Fransiyada Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblari taqdirlandi
Parij shahridagi “Centre Sportif Emile Anthoine” maydonida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnirda Angliya, Fransiya, Gretsiya, Germaniya, O‘zbekiston singari 30 ga yaqin davlatning mahoratli sportchilari milliy sportimizning jozibasini namoyish etdi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan musobaqa doirasida Fransiyada yashab kelayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida o‘zbek milliy hunarmandchiligi, oshpazlarining ko‘rgazmali chiqishlari hamda o‘zbek san’atkorlari tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi.
Bayramona tarzda o‘tgan musobaqada o‘z vazn toifalarida Rachayel Havkes (Buyuk Britaniya), Anne Mbairo (Fransiya), Samandarbek Sadinov (O‘zbekiston) va Sherali Jo‘rayev (O‘zbekiston) g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, Isabelle Schuhlein (Germaniya), Kristina Stamouli (Gretsiya), Nolvenn Hebert (Fransiya), Chloe Jessika Nun (Buyuk Britaniya), Aylin Mill (Germaniya), Kubranur Esir (Turkiya), Alexandre Fereol (Fransiya) Melih Topcu (Turkiya) Panagiotis Papanikolaou (Gretsiya) kabi sportchilar sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan Yevropa kurash konfederatsiyasi prezidenti Merampi Iliadis, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Nodir G‘aniyev mazkur turnir yildan-yilga nufuzi va geografiyasi kengayib, dunyoning eng kuchlilarini o‘ziga rom etayotganini ta’kidladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA