Kun xabarlari qisqa satrlarda
Guliston shahrida “Davlat organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari va davlat organlari matbuot xizmati xodimlari hamkorligining ahamiyati” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.
Guliston shahrida “Davlat organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari va davlat organlari matbuot xizmati xodimlari hamkorligining ahamiyati” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.
Seminarda viloyat hokimligi matbuot xizmati, Oʻzbekiston Advokatlar palatasi viloyat boʻlimi, Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar viloyat boshqarmasi, mahalliy va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir soʻnggida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi Sirdaryo viloyat hududiy boʻlinmasi tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi, davlat organlari ochiqligi va soʻz erkinligini taʼminlashda faolligi uchun bir qator matbuot xizmatlari va blogerlarga faxriy yorliqlar taqdim etildi.
***
Guliston davlat universitetida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” bosh gʻoya asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy gʻoyani rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy, oʻrta maxsus, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, taniqli olimlar, adabiyot, sanʼat, madaniyat yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan ziyolilar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tomonidan Milliy gʻoya konsepsiyasini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
***
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokuraturasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda prokuratura boʻlim boshliqlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Joriy yilning 10 oyi mobaynida hududda qonunlar ijrosi boʻyicha oʻtkazilgan tekshirishlar natijasiga koʻra 2 ming 961 ta prokuror nazorati hujjati qoʻllanilib, 3 ming 146 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. Prokuror protestlari asosida 357 ta qonunga zid huquqiy hujjatlar bekor qilindi va 518 tasi qonunlarga muvofiqlashtirildi. Prokuror tekshirishlari va jinoyat ishlari tergovi davomida yetkazilgan jami 6,5 milliard soʻmlik zarar ixtiyoriy undirilishi taʼminlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida keng muhokamaga sabab boʻlayotgan hudud va sohaga tegishli holatlarni oʻrganib, ommaga yetkazish maqsadida prokuraturaning Telegram kanali ishga tushirildi. Ushbu kanal orqali munosabat bildirib kelinishi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, matbuot va internet tarmoqlari orqali hudud va sohaga aloqador boʻlgan 48 ta materialga prokuratura organlari tomonidan tegishli munosabat bildirilib, 5 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda 3 ta maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.
***
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Qoraqalpogʻistonda oʻtkazgan sayyor sudda 39 nafar shaxsni jazoni oʻtash muddatidan oldin ozod qildi. Nukus shahrida oʻtkazilgan sayyor qabulda koʻplab fuqarolarning murojaatlari ham joyida hal boʻldi.
Nukus shahrida oʻtkazilgan sayyor qabulda 173 ta fuqaro qabul qilindi. Murojaatlarning 72 tasi jinoyat ishlari, 30 tasi fuqarolik ishlar, 63 tasi maʼmuriy ishlar va 8 tasi iqtisodiy ishlar boʻyichadir.
Jami 173 ta murojaatlardan 28 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 127 ta murojaat joyida ijobiy hal etilib, murojaatlar qanoatlantirildi.
35 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan nazorat tartibida hal qilish uchun qabul qilindi, ushbu murojaatlarning barchasi qanoatlantirilib, tegishli sudlov xaʼyatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazildi.
Qabulda muammolari hal boʻlgan 42 nafar fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma tashakkurnoma bildirdi.