KUN TARIXI: Urush yillarida bo‘ydoqlarga nega soliq solingan?
Vatanimiz tarixidagi 21 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1404 yil (bundan 616 yil oldin) – Amir Temurning Xitoy tomon yurishi munosabati bilan boshqa ko‘pgina davlatlarning elchilari bilan bir qatorda Rui Goncales de Klavixo boshchiligidagi ispan elchilari ham Samarqanddan jo‘natib yuborildi. Ispan elchilari Temur saltanati poytaxti – Samarqandga o‘sha yilning sentyabrida yetib kelgan edilar.
Klavixo Ispaniyaga 1406 yilning mart oyida qaytib keldi. Oradan bir oy o‘tgach, u Samarqand safarida bo‘lgan ispan elchiligi haqidagi axborotni yozib, Kastiliya qiroli Genrix III ga topshirdi. Keyinchalik uning bu axborotnomasi “Buyuk Temur tarixi” va “Temur qarorgohi Samarqandga safar kundaligi” nomlari ostida ispan tilida bir necha bor nashr qilindi.
Amir Temur saroyidagi muhitni, u yerdagi tartib-qoidalarni o‘rganishda Klavixoning ushbu kundaligi katta ahamiyatga ega. Klavixo Amir Temurning xotinlari, kelinlari va nabiralarini ham ko‘rgan, uning o‘zi bilan uchrashgan, saroydagi hayotni, jannatmakon shaharni ko‘rgan, kuzatgan. Shu sababdan uning “Kundaligi” Amir Temur davlatining ichki hayotini, Yevropa davlatlari bilan olib borgan munosabatlari tarixini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi.
1897 yil (bundan 123 yil oldin) – arxeolog, tarixchi, sharqshunos, O‘zbekiston va Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Mixail Masson tavallud topdi (vafoti 1986 yil).
1921 yil (bundan 99 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlar Soveti sudyalar tayyorlaydigan bir yillik kurs tashkil etish haqida qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, Adliya xalq komissarligi (vazirligi) qoshida 120 nafar tinglovchiga ega bo‘lgan kurs tashkil etildi.
Tarixchi Dilshod Kamolovning yozishicha, kurs tinglovchilariga belgilangan miqdorda stipendiya berilgan. Adliya xalq komissarligi tomonidan ishlab chiqilgan qoidaga ko‘ra, sudyalik lavozimiga o‘tkaziladigan saylovlarda kursni tugatgan tinglovchilar boshqa nomzodlarga nisbatan ustuvor mavqega ega bo‘lgan.
1929 yil (bundan 91 yil oldin) – haykaltarosh, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Muxtor Musaboyev tavallud topdi. U 1968 yili Samarqanddagi Ulug‘bek, 1973 yili Toshkentdagi Beruniy, 1978–1981 yillarda Xorazmdagi Al-Xorazmiy haykallarini yaratgan.
1941 yil (bundan 79 yil oldin) – urush yillarida jismoniy hamda aqliy jihatdan yetuk fuqarolarni urushga safarbar etishni yanada jonlantirish, fashistlar hujumidan aziyat chekkan hududlarga moddiy va moliyaviy yordamni kuchaytirish hamda urushda sobiq Sovet Ittifoqining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Oliy Sovet qarori bilan “Bo‘ydoq, yakka va bolasiz fuqarolar solig‘i” joriy etildi. U 20–50 yoshli erkaklar va 20–45 yoshli ayollarga nisbatan joriy etilib, yiliga uning miqdori bir kishi uchun 100 so‘mni tashkil etgan.
1992 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi ikkinchi bor matbuotda e’lon qilindi. Natijada olti mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi hamda loyihaga qator tuzatish hamda aniqliklar kiritildi.
1995 yil (bundan 25 yil oldin) – Toshkentda Markaziy Osiyo ziyolilari ishtirokida “Qardosh xalqlar uchrashuvi” mavzusida Xalqaro qurultoy bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda “Turkiston xalqlari madaniyati Assambleyasi” tashkil etildi. Chingiz Aytmatov uning prezidenti etib saylandi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.
O‘zA