Kun tarixi: O‘zbek tili bayrami kuni
Vatanimiz tarixidagi 21 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1529 yil (bundan 495 yil oldin) – Xurosonga yurish qilgan shayboniy Ubaydulloh bir necha oylik qamaldan so‘ng Hirot shahrini to‘rtinchi marta egalladi. Biroq shu yili 28 dekabrda Shayboniylar sulolasining xoni Ko‘chkunchixon Samarqandda vafot etib, Ubaydulloh ta’ziyaga ketgach, Hirot yana qo‘ldan chiqdi. U keyinchalik Hirotni beshinchi marta ham egallagan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ubaydulloh – Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning o‘g‘li. Otasining iltimosiga ko‘ra, unga Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z ismini bergan (Boburga ham Zahiriddin Muhammad ismini aynan Hoja Ubaydulloh Ahror qo‘ygan edi). Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy unga harbiy san’atdan saboq bergan.
Ubaydulloh 1533 yilda turkiy an’anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i sifatida Buxoroda shayboniylar sulolasining xoni qilib ko‘tarilgan.
Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilib, davlatning nomi rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb atalgan. Ubaydullaxon “Ubaydiy”, “QulUbaydiy”, “Ubaydulloh” taxalluslari bilan o‘zbek, fors va arab tillarida ijod qilgan.
1888 yil (bundan 136 yil oldin) – kasbi bo‘yicha ikkinchi gildiya savdogari, mahalliy ipak, jun hamda ip-gazlama buyumlari fabrikasining xo‘jayini Mirza Abdulla Buxoriyning roziligi bilan Peterburgga 6 quti qadimgi tanga va boshqa narsalar yuborildi. Hammasi bo‘lib jo‘natilgan 6 ming 300 qadimiy antiqa buyumlarning ko‘pchiligi Arxeologiya komissiyasi tomonidan qabul qilindi. Shu yili komissiya bu buyumlar ichidan Ermitaj muzeyi uchun tunjdan ishlangan sharq oynasi bilanmis ko‘zani tanlab oldi.
Tarixchi olim Haydarbek Bobobekovning qayd etishicha, oradan bir yil o‘tgach Mirza Abdulla 13 ta oltin va mis tanga, yana ikki yildan so‘ng esa Ermitaj uchun 11 ta sopol idish ham yubordi. Bu bilan katta miqdordagi noyob eksponatlarning yurtimizdan chiqib ketishida ishtirok etdi. Mazkur qadimiy antiqa buyumlar tariximiz va madaniyatimizning bir bo‘lagi edi.
1908 yil (bundan 116 yil oldin) – faylasuf olim, jamoat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Sulaymon Azimov tavallud topdi (vafoti 1996 yil). U 1939–1941 yillarda respublika rahbari lavozimlarida ishladi. Qatag‘onga uchrab, 1941–1955 yillarda umrining qariyb 15 yilini turma va qamoq lagerlarida o‘tkazdi. 1955–1965 yillarda respublika madaniyat vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – deputat Munavvarqori Abdurashidxonovning taklifi bilan Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev va Sodiq Abdusattorovlar Toshkent shahar Dumasining 21 oktyabrdagi majlisida universitet tashkil etish komissiyasiga kiritildi. Ularga universitet tashkil etishda musulmonlar manfaatini himoya qilish zarurligi uqtirildi. Shu tariqa, jadidlar oliy ta’limning asosi – universitet tashkil etish uchun Toshkent shahar Dumasini ham ishga soldilar.
1934 yil (bundan 90 yil oldin) – Toshkent shahrida O‘zbekiston rus akademik drama teatri tashkil etildi (Teatr 1936 – 1999 yillar teatr Maksim Gorkiy nomi bilan yuritildi).
1989 yil (bundan 35 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi “O‘zbek tili bayramini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga asosan 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
1995 yil (bundan 29 yil oldin) – Toshkent shahridagi «Paxtakor» stadionida Afrika – Osiyo millatlar kubogi uchun ikki qit’a chempionlari – O‘zbekiston va Nigeriya milliy terma jamoalari o‘rtasida futbol o‘yini o‘tkazilib, unda 2:3 hisobi qayd etildi (Afrika – Osiyo millatlar kubogi uchun uchrashuvlar 1978 yildan o‘tkazib kelingan).
1996 yil (bundan 28 yil oldin) – Toshkent shahrida turkiy tilli davlatlar rahbarlarining tarixiy – to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. U turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishda muhim davrni boshlab berdi va ma’lum ma’noda zamonaviy Turk Kengashini tuzishga asos bo‘ldi.
O‘shanda Toshkent deklaratsiyasini imzolar ekan,davlatlar rahbarlari o‘zaro maslahatlashuvlarni muntazam o‘tkazish zarurligini qayd etib, turkiy tilli davlatlar rahbarlari uchrashuvlari Kotibiyatini tashkil qilishga kelishib oldi.
2016 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi