KUN FIKRI: Sinovli kunlar sabogʻi...
“Dom” degani gʻalati joy.
“Dom” degani gʻalati joy. Birov birovni tanimaydi. Qoʻshnining qoʻshni bilan ishi yoʻq. Kelinu qizlarning supurgi koʻtarib, yon atrofni tozalaganini koʻrmaysiz.
Farroshlar baraka topsin. Shunday ogʻir kunlarda ham niqobu qoʻlqop kiyib, hamma joyni chinnidek supurib tozalashmoqda.
Ertalabdan non olish uchun doʻkonga yoʻl olaman. Hamma joy chinnidek ozoda. Qaytishda ne koʻz bilan koʻrayki, daraxt tagiga kimdir ovqat toʻkib ketgan. Besh-olti qadam yuraman, yoʻl chetiga boshqa birov uyda tayyorlangan pishiriq – pirog tashlab ketgan. Ana, doʻppi kiygan duppa-durust yoshi ulugʻ odam yoʻl chetiga axlat solingan yelim xaltani shartta otib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Tavba, odamlarga nimadir boʻlganmi?! Nahot sinovli kunlardan tegishli saboq chiqarmadi ayrimlar?! Davlat zarur barcha sharoitni yaratib qoʻyganida aqalli isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, kundalik chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, sabr, shukronalik bilan yashash shunchalar mushkulmi?
Uyiga xalta-xalta oziq-ovqat mahsuloti tashishi nimasiyu bunaqa nonkoʻrlik nimasi ekan?.. Yurt boshiga shunday ogʻir kunlar tushganida kamxarj, daromadi bundayroq oila ham, yetim-yesiru keksalar, yolgʻizlar, ehtiyojmandlar, hatto tadbirkorlarning oʻzi ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq.
Boru yoʻq imkoniyatlarning barisi ishga solindi. Karantinning ilk kunlari “ilik uzildi”, oʻtgan yilgi hosilning tani koʻrinib qolgan, bu yilgi hosil hali yerga qadalib ulgurilmagan ogʻir bir sharoitga toʻgʻri kelsa-da, hech kim bir burda nonning tashvishini qilgani yoʻq. Dasturxondan nonu neʼmat uzilmadi. Boshqa koʻplab rivojlangan mamlakatlar kabi doʻkonu marketlar ship-shiydam qolgani yoʻq. Hech kim yegulik izlab koʻcha-koʻyda sargardon kezgani yoʻq. Odamlarning ongida goʻyo hamisha shunday boʻlmogʻi kerakday tarzidagi tasavvurning qotib qolgani juda afsuslanarli holat.
Ajab, pandemiya muborak Ramazon oyiga, ham Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga toʻgʻri kelib qoldi. Xulosani, saboqni toʻgʻri chiqarish esa oʻzimizdan!