Kuchli parlament— Yangi O‘zbekistonning tayanchi
Istiqlol har bir soha taraqqiyotida tub burilishlar yasashga zamin bo‘lgan ulug‘ ne’matdir. Shu kunlarda barcha tashkilot va muassasada, keng jamoalarda mustaqilligimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, uchrashuv va konferensiyalar tashkil etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda milliy parlamentarizmning o‘rni va roli” mavzusidagi konferensiya ham shular jumlasidandir.

Tadbirni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov kirish so‘zi bilan ochib, mustaqillik O‘zbekistonda demokratik milliy parlamentning shakllanishi va rivojlanishi uchun tom ma’noda siyosiy-huquqiy asos yaratganini e’tirof etdi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Kuchli parlament va xalq vakillik organlari — Yangi O‘zbekistonning tayanchi” ekani, hozirgi kunda O‘zbekiston parlamenti islohotlarning faol sub’ekti bo‘lib, qonun ijodkorligi yo‘nalishida zamon talablariga javob beradigan qonunlarni qabul qilayotganini ta’kidladi.
Konferensiyada qayd etilganidek, so‘nggi yillarda parlament va xalq deputatlari Kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati tubdan o‘zgardi.

Davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlari yanada kengaydi, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Natijada bugun Qonunchilik palatasi har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylandi.
Ta’kidlanganidek, qonunlarni qabul qilish jarayonida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazish huquqiy hujjatlarning xalqchil va sifatli bo‘lishida muhim o‘rin tutmoqda.

Parlamentning ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borayotganligi esa mansabdor shaxslarning mas’ulligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda so‘z olganlar davlat rahbari tashabbusi bilan davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha parlamentga zarur vakolatlar berilganini alohida e’tirof etdilar.
O‘tgan davrda barcha soha va tarmoqni rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan, ilgari mavjud bo‘lmagan 50 dan ziyod qonunlar qabul qilingani ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA