Kreml chegaralarni yopmoqda: navbatdagi safarbarlik yaqinmi?
Rossiya to‘satdan Finlyandiya, Estoniya va Latviya bilan bog‘lovchi qator temir yo‘l orqali chegaradan o‘tish nuqtalari faoliyatini to‘xtatdi. Moskva bu qarorni “vaqtincha chora” sifatida izohladi, biroq rasmiy hujjatda hech bir sabab keltirilmagan. Shu bois mazkur qadam Yevropa davlatlarida turli savollar paydo qilib, xavotirni yuzaga chiqardi.
Eng ko‘p cheklov Finlyandiya yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi. Ma’lumki, yaqinda Xelsinki AQSHning “Lockheed Martin” kompaniyasi bilan hamkorlikda Yevropadagi birinchi ko‘p quvvatli raketa tizimiga xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etishi rejasi ma’lum qilingan edi. RF Davlat dumasidagi ayrim siyosatchilar bunga javoban keskin bayonot berib, qo‘shni davlatni “ikkinchi Ukraina”ga aylanishda aybladi.
Mutaxassislar fikricha, temir yo‘l o‘tish manzillari yopilishi faqat tashqi siyosiy qo‘ng‘iroq emas. So‘nggi vaqtda Rossiya NATO bilan chegaradosh hududlarda harbiy infratuzilmani kengaytirayotgani haqidagi ma’lumotlar urchidi. Daniyalik tahlilchilar e’lon qilgan hisobotda ham Moskva kelajakdagi ehtimoliy qarama-qarshilikka tayyorgarlik ko‘rayotgani qayd etilgan.

Ayni payt yangi safarbarlik haqidagi mish-mish ham kuchaymoqda. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Rossiya kuzda frontga qo‘shimcha kuch jalb etishini taxmin qilgan. Kiyev ma’lumotiga ko‘ra, ruslar sezilarli yo‘qotishni qoplash uchun har oy o‘n minglab yangi harbiyga ehtiyoj sezmoqda. Volgograd viloyatida safarbarlikka oid maxsus mashq o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabarlar ham ayni farazni kuchaytirdi.
Kreml hozircha yangi safarbarlik rejasini tasdiqlamagan. Binobarin, chegaralardagi kutilmagan cheklov, harbiy faollik ortishi va jonli harbiy kuchga ehtiyoj kuchayishiga oid ma’lumotlar Rossiyaning navbatdagi qadami bilan bog‘liq bahsni avj oldirmoqda. Yevropa esa jarayonni diqqat bilan kuzatyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA