Kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,7 foizni tashkil etdi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026-yil aprel oyi yakunlariga ko‘ra mamlakat bank tizimida ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari deyarli barqaror saqlanib qoldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi 19,7 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan. Shu bilan birga, tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi 22,0 foiz darajasida shakllanib, yillik hisobda 0,6 foiz bandga pasaygan.
Jismoniy shaxslar uchun milliy valyutadagi real foiz stavkasi 8,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun mazkur ko‘rsatkich 8,2 foiz darajasida qayd etildi.
Xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi esa 10,2 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 foiz bandga oshgan.
Qayd etilishicha, kredit foiz stavkalarining barqaror saqlanishi iqtisodiyotda moliyaviy resurslar bozorining muvozanatli rivojlanayotganidan dalolat beradi. Bunda tijorat kreditlari bo‘yicha stavkalarning pasayishi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Sh.Mamaturopova, O‘zA