Kredit qaytarilmasa garovdagi mulk sotiladi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kredit ajratilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Biroq, ayrim tadbirkorlarning mas’uliyatsizligi sabab banklar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilmaslik holatlari ham uchramoqda.
Byuro organlari ish yurituvdagi banklar foydasiga hal qilingan sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar qilinmoqda. Jumladan, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 23 yanvardagi ijro varaqasiga asosan undiruvchi AT “Asaka bank” Buxoro filiali foydasiga qarzdor “Eltek Ekskyuziv” MCHJdan jami 514.171 AQSH dollari miqdorida kredit qarzdorligini undirish, undiruvni garovga qo‘yilgan mazkur MCHJga tegishli mol-mulklarga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning viloyat boshqarmasi alohida muhim ijro ishlarini ijro etish sho‘’basi ish yurituviga kelib tushgan.
Ijro hujjati bo‘yicha ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qaror nusxasi taraflarga yuborilgan va mazkur qarzdorlikni bartaraf etish uchun qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan.
Berilgan ixtiyoriy muddat davomida ijro hujjati talablari bajarilmaganligi sababli, qarzdor MCHJga tegishli garovga qo‘yilgan “Mersedes Bens Actors 1845” rusumli avtotransport vositalari va “Schmitz Cargobul” rusumli refrijeratorlarga nisbatan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi qonunning 42-moddasiga asosan qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning qidiruv xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida joriy yilning 17 aprel kuni qarzdor “Eltek Ekskyuziv” MCHJga tegishli qidiruvda bo‘lgan “Mersedes Bens Actors 1845” rusumli refrijerator avtotransport vositasi Buxoro shahri hududida aniqlanib, tegishli tartibda xatlangan.
Qarzdor MCHJning tadbirkorlik faoliyatiga, kreditlarni qoplash imkoniyatlarga to‘sqinlik qilmaslik maqsadida, MCHJ rahbariga Jinoyat kodeksining 233-moddasi talablari, ya’ni band solingan yoxud garovga qo‘yilgan mulkni ishonib topshirib qo‘yilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda o‘zlashtirish, rastrata qilish, yashirish, nobud qilish yoki unga shikast yetkazilganda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilib, xatlangan mazkur avtotransport vositasi topshirilgan.
Shuningdek, qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf qilinmagan taqdirda, mazkur avtotransport vositasi elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilishi haqida rasman ogohlantirilgan.
Hozirda, ijro harkatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA