Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz
Munosabat
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan barcha islohotlar inson va uning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Kuni kecha Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham xalqimizning tinch va baxtli hayot kechirishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, ta’lim-tarbiya sifatini zamon talablari darajasiga olib chiqish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotimizni rivojlantirish, tadbirkor va investorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish kabi ko‘plab masalalarga e’tibor qaratilib, qator tashabbuslar ilgari surildiki, ularning mohiyatida ham “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya mujassam ekanini anglash mumkin.
Binobarin, davlatimiz rahbari 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif qilgani bu boradagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilishidan dalolatdir. Ushbu taklifni butun zalda o‘tirganlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Xalqimiz ko‘tarinkilik bilan kutib oldi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusidagi eng muhim istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilgan Murojaatnomaning mazmun-mohiyatidan ikki jahat alohida ajralib turibdi. Birinchisi, tadbirkorlarga imkoniyatlarni oshirish, mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish, yangi konlarni ishga tushirish, xususiylashtirish, ishlab chiqarish va eksportni ko‘paytirish, biznesga soliq yukini kamaytirish, energetika tizimini rivojlantirish orqali iqtisodiyoti kuchli davlatni barpo etish. Ikkinchisi, ta’lim tizimini isloh qilish orqali ma’rifatli avlodni ulg‘aytirish, odamlarning ongu dunyoqarashini, tafakkurini yuksaltirish.
Shu ma’noda, aytish mumkinki, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot yo‘li mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlaridan to‘laroq, yanada samaraliroq foydalanish bilan birga, xalqimizning azaliy qadriyatlari, asriy an’analari, boy ma’naviyatini rivojlantirish, milliy tomirlardan oziqlangan, ayni paytda zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan, erkin fikrli avlodni tarbiyalash orqali kechadi.
Murojaatnomada yangi maktablar qurish, mavjudlarida sharoitlarni yaxshilash, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, obro‘-e’tiborini oshirish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish tizimini yo‘lga qo‘yish, bog‘chalarga qamrovni kengaytirish, yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish va boshqa qator hayotbaxsh tashabbuslar bildirildiki, ularda yil nomiga hamohang tarzda insonga e’tibor va sifatli ta’limga erishish maqsadi namoyondir.
Taraqqiyot davom etar ekan, odamlarning ongu tafakkuri, orzu-intilishlari, ehtiyojlari ortib, yanada kengayib boraveradi. Ochiqlik, oshkoralik, demokratik tamoyillar yo‘lidan borayotgan bugungi O‘zbekistonda kishilar o‘z haq-huquqini talab qilishni o‘rgandi. Xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratilgani bois yurtdoshlarimizga o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tashabbuslarini, muammolarini mutasaddilarga emin-erkin yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Prezidentimiz qayd etganidek, kelgusi yilga rejalarni to‘g‘ri olish uchun xalqimizning fikri har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlil etilgan.
Odamlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot yo‘nalishlarida aniq-aniq masalalarni ko‘tarib, ular bo‘yicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda. Aholi maktab, bog‘cha va shifoxonalarning ko‘paytirilishini, ta’lim va tibbiyot sifati oshirilishini, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarining hal qilinishini, ish o‘rinlari, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratilishini, adolat ta’minlanishini, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyaning yo‘q qilinishini kutmoqda.
Davlatimiz rahbari aholi tomonidan ko‘tarilgan ushbu masalalar aniq va o‘rinli ekanini, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu muammolarni yechishimiz shartligini ta’kidladi. Hech kim chetdan kelib, bularni hal qilib bermasligini, odamlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish asosiy vazifamiz bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Albatta, bu vazifalar bevosita madaniyat sohasi vakillariga ham daxldordir.
Ma’lumki, har qanday ezgu maqsad inson omili lm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozimligini ta’kidladi. Bu hammamizning ayni dilimizdagi gap bo‘ldi. Zotan, ilm, tarbiya haqida qanday ibrat kerak bo‘lsa, hammasi bobolarimiz merosida, o‘gitlarida bor. Biz ana shularni farzandlarimizga, kelajak avlodga yetkazishda tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishimiz lozim.
Muxtasar aytganda, Murojaatnomada ilgari surilgan hayotbaxsh tashabbuslar, belgilab berilgan dolzarb vazifalar xalqimizni rozi qilish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yurtimizda uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Zero, Prezidentimizning “...qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz. Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz”, degan haroratli so‘zlari barchamizga katta kuch berib, bizni yangidan-yangi marralar sari boshlayveradi.
Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
O‘zA