Kosmik ta’lim rivojlanadi (+video)
Nukusda “O‘zbekkosmos” agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Kelajak” markazlari hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘qituvchilari uchun maxsus “Space Camp Uzbekistan” ta’lim dasturini amalga oshirmoqda.
Mazkur loyiha doirasida 100 nafardan ziyod pedagog kosmik texnologiyalar, STEM ta’limi va yoshlar bilan innovatsion ishlash yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy tayyorgarlikdan o‘tishi belgilangan.
Dasturning asosiy maqsadi – o‘qituvchilarni maktablar, oromgohlar va ta’lim markazlarida “Space Camp” dasturlarini mustaqil tashkil etish va o‘tkazishga tayyorlash hamda yoshlarda kosmos, muhandislik, ilm-fan va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishini oshirishdir. Loyiha strategik yondashuv asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda bir nafar tayyorlangan o‘qituvchi yuzlab o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan tamoyil ilgari surilgan. 100 dan ortiq pedagogni tayyorlash orqali kelgusida 10 mingdan ziyod o‘quvchini kosmik texnologiyalar va STEM yo‘nalishlariga jalb qilish rejalashtirilgan.
3 kun davom etadigan intensiv trening dasturi doirasida ishtirokchilar 1 kunlik, 3 kunlik, 5 kunlik va 7 kunlik “Space Camp” dasturlarini tashkil etish metodikalarini o‘rganadi. Trening nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olib, bolalar va yoshlar bilan real ishlashga yo‘naltirilgan.
Dastur gidravlik raketalarni yig‘ish va uchirish, mexanika va aerodinamika asoslari, Space Art va kreativ fikrlashni rivojlantirish, “Kosmonavt sinovlari” va muhandislik musobaqalari 1 CubeSat maketlarini yig‘ish, STEM o‘yinlari va jamoaviy simulyatsiyalar, astrobiologiya asoslari, Mars bazasini loyihalash, bolalar bilan ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish metodikalari yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Trening yakunida ishtirokchilarga 4 turdagi “Space Camp” dasturlari uchun tayyor ssenariylar, metodik qo‘llanmalar, jihozlar va materiallar ro‘yxati, sertifikatlar taqdim etiladi.
[gallery-29569]
Mazkur tashabbus O‘zbekistonda kosmik ta’lim va STEM ekotizimini rivojlantirish, shuningdek, kelajakdagi yosh muhandislar, tadqiqotchilar va kosmik soha mutaxassislarini tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Loyiha orqali kosmosni yoshlar uchun yanada yaqin va tushunarli qilish, ularning ilm-fan va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda yuqori texnologik yo‘nalishlarda yangi avlod kadrlarini shakllantirish maqsad qilingan.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/Y8PKWrvlVW0" title="Kosmik ta’lim rivojlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA