Korxonalar omborga emas faqat buyurtmaga ishlaydi
Farg‘onalik tadbirkorlar Turkiyaning Gebze sanoat zonasi bosh qarorgohida bo‘lib uning ijrochi direktori Nil Sonmez bilan uchrashdilar.
Farg‘onalik tadbirkorlar Turkiyaning Gebze sanoat zonasi bosh qarorgohida bo‘lib uning ijrochi direktori Nil Sonmez bilan uchrashdilar.
Ma’lumot uchun: Gebze sanoat zonasida 161 ta kompaniya va firmalar ish yuritadi. Ulardan 42 tasi xorijiy sarmoyadorlar. Bu yerda bir yilda 29 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va uning 9 milliard dollarligi eksport qilinadi. 200 mingdan ortiq ishchi xizmatchisi bor. O‘nlab ilmiy tadqiqot markazlari shu yerda faoliyat ko‘rsatadi.
– Gebze sanoat zonasi uchta mustahkam ustunda turadi, – deydi Nil Sonmez xonim. – Birinchisi – sanoat zonasi davlatdan mustaqil bo‘lib, tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish, unga yer sotish, ko‘maklashishni faqat uning boshqaruvi hal qiladi. Ikkinchisi – sanoat zonasi infratuzilmasini, gaz, suv, elektr quvvati va x.k.larni davlat emas, boshqaruv ta’minlaydi. Biz ularni sotib olib tadbirkorni ta’minlashni kafolatlaymiz. Uchinchisi – sanoat zonasi faoliyatiga davlat boshqaruv idoralari mutlaqo aralashmaydi. Ya’ni biz davlat ichidagi davlatmiz. Barcha masalalarni tadbirkorlardan saylangan boshqaruv kengashi hal qiladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda qabul qilinayotgan sanoat zonalari to‘g‘risida qonunchilik asoslari Gebze sanoat zonasi mutaxassislari tomonidan ham ekspertiza qilinib tavsiyalar berilgan.
– Yana bir jihatni ta’kidlamoqchiman, – deydi Nil Sonmez xonim. – Men yaqinda O‘zbekistonda bo‘lganimda tadbirkorga berilgan imtiyozlarni ko‘rib hayratda qoldim. Soliq imtiyozi, bepul yer maydoni, infratuzilmalar... Gebze sanoat zonasida hech qanday soliq imtiyozi qo‘llanmaydi. Korxona qurish uchun yer sotib olinadi. Bir kvadrat metr yerning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich narxi 510 dollardan boshlanadi. Ammo infratuzilma ta’minoti va erkin, hech qanday aralashuv va tekshiruvsiz faoliyat kafolatlanadi.
Farg‘onalik tadbirkorlar kun davomida Gebze sanoat zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “BASF” qurilish materiallari, lak-bo‘yoq ishlab chiqarish korxonasi, quyosh nuridan muqobil energiya hosil qiluvchi panellar ishlab chiqaruvchi “Smart Energy” kompaniyasi, onkologik kasalliklar uchun dori-darmon yetkazib beruvchi “Onko Koshel” farmasevtika markazi, metall va transport vositalari qismlarini zanglamas sir bilan qoplaydigan “KaraKaya” zavodlari faoliyati, biznes tashkil qilish va yuritish tajribalari bilan tanishdilar.
– Biz to‘rt aka-uka oilaviy korxonamizni Gebze sanoat zonasida tashkil qilganmiz, – deydi “KaraKaya” zavodi direktori Hasan Karakaya. – Dunyodagi eng mashhur “Forol”, “Hyundai”, “Mercedes”, “TOYOTA” kabi avtomobillarning qismlariga zanglashga qarshi bo‘yoqdan sir-qoplama sepamiz. O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoati rivojlanib borayotganidan xabardormiz. Qo‘qon sanoat zonasidan joy olib hamkorlikda korxona ochish ustida ishlayapmiz.
– Biz Gebze sanoat zonasi tadbirkorlari bilan kelasi yil yanvar oyida Farg‘onada biznes-forum o‘tkazishga, bugungi uchrashuvlar yakuni bo‘yicha aniq loyihalar asosida yangi shartnomalar imzolashga kelishib oldik, - deydi Farg‘ona viloyat hokimi o‘rinbosari Muhsinxo‘ja Abdurahmonov.
Muhammadjon OBIDOV