Korxonada ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi
Joriy yilning 13 avgustida davlatimiz rahbari tomonidan to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarini ishga solish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mutasaddilari Qonliko‘l tumanida joylashgan to‘qimachilik korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bordi.

Bugungi kunda mazkur korxonada 600 nafarga yaqin mahalliy aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Oxirgi 3 yil davomida korxona Turkiya, Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga 23 million 369 ming AQSH dollari miqdorida 8 ming 541 tonna ip kalava mahsulotini eksport qilgan.

Uchrashuv davomida mas’ullar tomonidan korxona rahbariga bojxona rejimining afzalliklari tushuntirilib, ulardan foydalangan holda kelgusida korxona eksport salohiyatini yanada oshirish imkoniyatlari amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi. To‘qimachilik sohasi uchun qonunchilikda yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri