Korxona “Vakolatli iqtisodiy operator” maqomini oldi
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida faoliyat yuritayotgan, don va don mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek, import va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Qadrli MCHJ” korxonasi tashqi iqtisodiy faoliyatda shaffof va samarali ish uslubi tufayli “Vakolatli iqtisodiy operator” maqomiga ega bo‘ldi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Salimjonov korxona xodimlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ma’lum qildi hamda korxonaga tegishli guvohnomani topshirdi.

Ushbu maqom korxonaning bojxona tartib-taomillariga to‘liq rioya etgan holda, halol va barqaror faoliyat yuritib kelayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, bu tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish, bojxona rasmiylashtiruvlarida yengilliklardan foydalanish hamda eksport operatsiyalarini tezkor amalga oshirish imkoniyatini beradi.
– “Vakolatli iqtisodiy operator” maqomi biz uchun katta ishonch va mas’uliyatdir. Bu nafaqat korxona faoliyatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini, balki tashqi iqtisodiy faoliyatda shaffoflik va halollik tamoyillariga to‘liq rioya etib kelayotganimizni ham tasdiqlaydi. Eng muhimi, ushbu maqom ishlab chiqarish jarayonlarini yanada tezlashtirish, bojxona rasmiylashtiruvlarida yengilliklardan foydalanish hamda eksport geografiyasini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, – dedi korxona rahbari Kamoliddin Karimov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Qadrli MCHJ” tomonidan 2026-yilning o‘tgan 4 oyi davomida umumiy vazni 6,2 ming tonna, qiymati 1,3 million AQSH dollariga teng xomashyo “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida rasmiylashtirilgan. Bu korxonada xomashyoni qayta ishlashga asoslangan ishlab chiqarish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Shu davr mobaynida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarning qariyb 900 ming AQSH dollariga teng qismi xorijiy davlatlarga eksport qilingan bo‘lib, bu korxonaning tashqi bozorlardagi o‘rni mustahkamlanayotgani hamda mamlakat eksport salohiyatiga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ochiq muloqot yakunida bojxona boshqarmasi mas’ullari “Vakolatli iqtisodiy operator” maqomi korxonaning ishonchli hamkor sifatida tan olinishi, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish hamda yangi eksport bozorlariga chiqishida muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlashdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri