Korxona va tadbirkorlarga ko‘makdosh klinika
Davlatimiz rahbari joriy yil 27 oktyabrda «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
28 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada aholiga batafsil ma’lumot beradigan maslahat klinikalari hamda Call-markaz tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi.

Odatda klinika deganda bemor odamlar kelib, davolanadigan maskan tushuniladi. Xo‘sh, bu turdagi klinika qanday vazifani bajaradi?
Tadbirkor faoliyati mobaynida turli to‘siqlar, muammolar, chigal vaziyatlar, tushunmovchiliklar girdobida qoladi. Kredit mablag‘larining sababsiz kechiktirilishi, sub’ektga ajratiladigan joy, bino masalasi, mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ishchi kuchi, eksport muammolari va hokazo masalalar bilan qiynalib yurgan tadbirkorlar xuddi mana shu klinikaga kelib, o‘z “dard”lariga davo topishlari mumkin.
Qarshi shahrida yirik korxonalar, tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi tashkil etildi.
Prezidentimiz 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan safari mobaynida ushbu klinikaga ham tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi.
Klinikada viloyatdagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi tashkil etilgan.
– Ushbu hujjat odamlarda turli fikrlarni uyg‘otyapti: bezovtaliklar ham, xursandchiliklar ham bor. Xususiylashtirishdan asosiy maqsad – faoliyat yuritayotgan davlat korxonalari yanada samarali ishlashini ta’minlash hamda tadbirkorlarga yo‘l ochib berishdir, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov. – O‘zingiz yaxshi bilasiz, agar davlatning bozordagi ulushi qancha ko‘p bo‘lsa, u shuncha korxonalarga yaqin ko‘maklashuvchi va tadbirkorlarga to‘siq ham bo‘ladi. Misol uchun, yuqorida turuvchi idora va vazirliklar biror xizmatga ehtiyoj sezsa, xususiy sektorga emas, balki, davlat unitar korxonasiga murojaat qiladi. Natijada raqobat muhiti va sifat yo‘qoladi. Sifat yo‘q bo‘lsa, tabiiyki, tannarx ham o‘sadi. Davlat mulki talon-toroj bo‘lmaydimi?, Xususiylashtirish jarayoni shaffof o‘tadimi, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilmaydimi?, kabi savollar ham odamlarda shubha, xavotir uyg‘otayotgani bor gap. Davlat mulki bu – xalq mulki. Shunday ekan, binolar xususiylashtirilib, sotilayotganida ham, investorlarga berilayotganida ham, albatta, shaffoflik ta’minlanadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, xususiylashtirishdan maqsad byudjetga pul tushirish emas, davlat pul uchun korxonalarni sotib yubormayapti. Balki, korxonani yanada sog‘lomlashtirib, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga aylantirishdir.
Mahsulot ishlab chiqarishdagi qator qiyinchiliklar, investor topolmaslik, bankdan kredit ololmaslik singari turli muammolar oxir-oqibat tadbirkorning ahvolini qiyinlashtiradi, ya’ni nosog‘lom muhitga olib keladi. Yurtimizda muammoga duch kelgan ishbilarmonlar o‘z dardini borib aytadigan Savdo-sanoat palatasi, biznes ombudsman, Bosh vazir qabulxonalari, «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi kabi ko‘plab tashkilotlar faoliyat yuritadi.
Ular tadbirkorni qiynayotgan masalani tegishli mutasaddi vazirliklarga yetkazadi. Natijada har doim ham ishbilarmonning muammosi tezkor yechim topmaydi, tadbirkor murojaati ortidan sarson yuraveradi. Bu kabi klinikalar esa muammolarni hal qilishga yaqindan ko‘maklashadi. Avvalo, har qanday muammoning sababi va oqibatlari chuqur tahlil qilinib, oqibat bilan emas, sababga qarshi kurashiladi. Klinikaga barcha soha vakillari chaqirtirilib, muammoga birgalikda yechim topiladi.
Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda ochilgan. Shuningdek, kunu tun ishlaydigan 1082 raqamli Call-markaz ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur klinikalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan boshqariladi. Ularning faoliyatida Savdo-sanoat palatasi, Bosh vazir qabulxonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy boshqarmalari va hokimlik vakillari doimiy ishtirok etadi. Bundan tashqari, so‘rovga asosan boshqa vazirlik va idoralar, tijorat banklari xodimlari ham jalb etilishi mumkin.
Sunnatilla Bekenovning qo‘shimcha qilishicha, Qashqadaryo viloyatida faoliyatini to‘xtatgan yoki yopilish arafasida turgan, soliqdan muddati o‘tgan qarzi bor, mahsuloti sotilmay, yig‘ilib qolayotgan mingtaga yaqin korxona mavjud. Ularning barchasi sog‘lomlashtirishga muhtoj. Yaqinda faoliyatini boshlagan klinikada mazkur korxonalar chuqur tahlil qilinib, ularni yana avvalgidek ishlashiga ko‘maklashiladi.
Mazkur klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qo‘yilgan ob’ektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Hamma xizmatlar bepul. Tadbirkorlarga davlat aktivlarini sotib olish, korxonalarni xususiylashtirishga oid savollarga javob olish va muammolarni hal qilishda amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA