Korxona qayta ish boshladi
Jizzax shahridagi “Orzu Tekstil-SV” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va bejirim dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Jizzax shahridagi “Orzu Tekstil-SV” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va bejirim dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etish orqali raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Buni bir vaqtlar viloyatda yetakchi yengil sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan, ammo bozor raqobatiga bardosh bera olmay bankrotlikka uchragan “Zilolateks” trikotaj fabrikasi o‘rnida tashkil etilgan “Orzu Tekstil-SV” korxonasi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
– Barcha ishlab chiqarish vositalari va jihozlari to‘liq almashtirilib, yangilandi, – deydi korxona bosh direktori Muhiddin Hazratqulov. – Biz tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, eski korxona negizida mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 15,5 million dollarlik yangi loyiha ishlab chiqdik. To‘rt bosqichdan iborat yirik ishlab chiqarish loyihasini hayotga tatbiq etishda “Asakabank”ning Jizzax viloyati filialidan olingan kredit qo‘l kelmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichi joriy yilning aprel oyida to‘liq ishga tushirildi. Trikotaj mato to‘qish va tayyor kiyim ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan loyiha to‘liq amalga oshirilsa, yiliga 6 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, 8 million donadan ortiq kiyim-kechak tayyorlanadi. 1 ming 450 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyihaga muvofiq ish boshlagan korxonaning birinchi bosqichida Janubiy Koreya va Italiyada ishlab chiqarilgan to‘quvchilik, tikuvchilik dastgohlari o‘rnatildi. 100 nafar yosh mutaxassis doimiy ish bilan ta’minlandi. Ayni paytda tabiiy xomashyodan tayyorlanayotgan mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha xorijlik ishbilarmonlar bilan muzokaralar olib borilayotir.
Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha, loyihaning ikkinchi bosqichi 2016-yilning birinchi choragida, uchinchi va to‘rtinchi bosqichlari 2017-yilning birinchi choragida amalga oshiriladi. Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushirilgach, ip-kalavani bo‘yash, mato to‘qish, trikotaj buyumlari tikish jarayonini o‘z ichiga olgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish tizimi shakllanadi. Shuningdek, paypoq, yotoqxona buyumlari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, jumladan, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar,ishlamay turgan, bankrot holatiga kelib qolgan korxona va bo‘sh turgan binolarni tadbirkorlik subyektlariga “nol” qiymatda berish orqali yetakchi tarmoqlarni modernitsaziya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, mahalliylashtirish dasturlarining izchil amalga oshirilayotgani samarasidir.