Korxona mahsulotlari eksport qilinmoqda
Biror ishni boshlaganda yaqinlarning daldasi, ishonchi odamga kuch-quvvat berar ekan, – deydi tadbirkor.
Parkentlik Iroda Mirzukurova bundan ikki yil muqaddam tijorat bankidan 20 million soʻm miqdorida kredit olib, “Oyqiz ona qizlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi tikuvchilik korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻygan edi.
– Biror ishni boshlaganda yaqinlarning daldasi, ishonchi odamga kuch-quvvat berar ekan, – deydi tadbirkor. – Onam va yaqinlarimning koʻmagi, ayniqsa, tuman hokimligining qoʻllab-quvvatlashi, xususan, kredit ajratilishidagi yordami meni ruhlantirib, ishni yana-da jonlantirishga turtki boʻldi.
Darhaqiqat, tadbirkorlik oson ish emas. Ayniqsa, tikuvchilik korxonasini yuritishning oʻzi boʻlmaydi. Xomashyo topish, uskunalarni boshqarish, tayyor mahsulotlarni sotish uchun bozor topish, ishchilarga oylik maosh berish uchun doimo yelib-yugurish kerak. Dastlab Iroda ham biroz qiynaldi. Mablagʻ yetishmasligi sababli sexni toʻliq quvvatda ishlatishning imkoni boʻlmadi. Muammo yana mablagʻga borib taqaldi. Bankdan yana kredit olishga toʻgʻri keldi. Oʻtgan yili 30 million soʻm miqdorida kredit olgach, faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi.

Ayni paytda Iroda Mirzukurova boshchilik qilayotgan korxona toʻliq quvvat bilan faoliyat koʻrsatyapti. 25 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlanishi bilan birga, jamoaga endi kelayotgan xotin-qizlarga tikuvchilik sir-asrorlari ham oʻrgatib, shogirdlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
Eng asosiysi, korxona mahsulotlari xaridorgir. Import oʻrnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilayotganligi bois, ularga boʻlgan talab ortib bormoqda. Sifati, pishiq-puxtaligi, tashqi dizayni jihatidan mahsulotlar xorijnikiday qolishmaydi. Shu bois, jamiyatning moliyaviy imkoniyati ham yaxshilanib bormoqda.
Tayyorlangan mahsulotlar – koʻrpa-yostiq jildlari, erkaklar kiyimlari, trikotaj mahsulotlari yurtimiz ichki bozori bilan birga, Rossiya va Qozogʻiston davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Xullas, Parkent tumanidagi “Oyqiz ona qizlari” korxonasida ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar “Made in Uzbekistan” brendi ostida xorijga joʻnatilyapti.